Rossiya xalqi prezident Putindan rozimi?

Image caption Vladimir Putin yana bir bor hokimiyatda qolsa qaniydi, deguvchilarning soni esa, chorak foizdan sal ortarkan, xolos

Ayon bo‘lishicha, Rossiyaning aholisining yarmiga yaqini 2018 yilgi saylovlar ortidan qudratga boshqa prezident kelishini istashadi.

Bunga "Levada" omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalari dalolat qilmoqda.

Shunday istakda bo‘lgan so‘rov ishtirokchilariga ko‘ra, Rossiyaning yangi prezidenti mamlakatda mavjud muammolarni o‘zgacha yo‘lda yechishga qodir inson bo‘lishi lozim.

Vladimir Putin yana bir bor hokimiyatda qolsa qaniydi, deguvchilarning soni esa, chorak foizdan sal ortarkan, xolos.

Eng qizig‘i shundaki, boshqacha rahbar orzusida bo‘lgan rossiyaliklar ko‘pchilikni tashkil etishsa-da, so‘rov ishtirokchilarining aksariyati keyingi saylovlar ortidan ham janob Putin prezidentlik kursisida qoladi, degan fikrda ekanlar.

Agar o‘tgan yilning noyabr oyi bilan taqqoslansa, shu yilning aprel oyiga kelib, "Putinsiz Rossiya", "Putin prezidentlikdan ketishi kerak", degan shiorlarni dastaklovchilarning soni ham 2 foizga ortibdi.

Lekin, shunda ham, aksariyat, ya‘ni so‘rov qatnashchilarining 36 foizi bu kabi shiorlarni qo‘llamasliklarini bildirishgan.

Markaz, o‘z navbatida, prezident Putinning siyosati nega sizni qoniqtirmaydi, nega o‘zgacha rahbar istaysiz, degan savollarga ham javob topishga uringan.

Rossiya fuqarolarining yarmiga yaqiniga ko‘ra, davlat rahbari ijtimoiy adolat masalasi va aholining ijtimoiy himoyasiga ko‘proq e‘tibor qaratishi lozim.

"Putinning amaldorlari Rossiyani o‘zlariniki qilib olishdi, Rossiyani xalqqa qaytarish kerak", degan fikrdagi rossiyaliklar esa, ulardan keyingi eng katta foiz(41%) ni tashkil etisharkan.

Yangi so‘rov yakunida ishtirokchilardan Rossiyaning amaldagi rahbariyatiga o‘z baholarini berishlari ham so‘ralgan.

Bu o‘rinda ham Rossiya hukumati o‘z manfaatlari yo‘lida faoliyat olib boradi, deguvchilarning soni ko‘pchilik(35%)ni tashkil etgan.

O‘z navbatida shuni ham aytib o‘tish kerakki, bunday fikrda bo‘lgan rossiyaliklarning soni o‘tgan to‘rt oy davomida o‘zgarishsiz qolgan.