G‘alaba kuni qayerda qanday bayram qilinmoqda?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Poytaxt Moskvanining Qizil maydonida fashistlar Olmoniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 68 yilligi bu yil ham harbiy parad bilan nishonlangan.

Harbiy paradni ochib berarkan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, "Biz har doim aynan Rossiya, Sho‘rolar Ittifoqi fashistlarning dunyoni zabt etishiga yo‘l qo‘ymaganini esda tutamiz", deb aytgan.

Rossiya rahbarining bayon qilishicha, "Er sayyorasining xavfsizligini mustahkamlash uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishadi".

Sobiq Sho‘ro davlatlarining aksariyatida ham 9 may - G‘alaba kuni munosabati bilan bugun turli tadbirlar bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekistonda esa, ayni sana 1999 yildan buyon Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlanib keladi.

Ikkinchi Jahon urushi davrida 1.5 million o‘zbekistonlikning frontga ketgani aytiladi.

Ulardan to‘rt yuz mingdan ortiqrog‘i esa, hech qachon ortga qaytmagan.

Ikkinchi Jahon urushida jang qilgan o‘n minglab o‘zbekistonliklar turli orden va medallar bilan taqdirlanishgan.

Ularning oralarida "Sovet Ittifoqi qahramoni" unvonini olganlari ham yuzlabdir.

O‘zbekiston prezidenti har yili ushbu sana arafasida Ikkinchi Jahon urushi faxriylarini turli miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlab keladi.

Jumladan, bu yil ham prezident Islom Karimovning maxsus farmoni bilan ularning har biriga 500.000 so‘m miqdorida pul berilgan.

Bugungi kunda Ikkinchi Jahon urushi faxriylaridan faqat barmoq bilan sanarlisining hayot ekani aytiladi.

O‘zbekiston 9 mayni G‘alaba kuni sifatida bayram qilmasa-da, prezident Islom Karimov MDHga a‘zo boshqa davlatlar rahbarlarini ushbu sana bilan qutlashni unutmagan.