AQSh: "Suriyada Assadga o‘rin bermaymiz"

Image caption AQSh davlat kotibi Suriya kelajagida Prezident Assadga o‘rin yo‘qligini aytdi

Ovro‘po va Yaqin Sharq bo‘ylab safar qilayotgan AQSh davlat kotibi Suriya masalasida "barcha taraflarni qoniqtiradigan o‘tish davri hukumati ustida ishlash" rejalarini e‘lon qildi.

Biroq ayni siyosiy jarayonda Suriyaning iqtidordagi prezidenti Bashar al-Assad uchun o‘rin bo‘lmasligini ta‘kidladi.

"Bizning xulosalarimiz bo‘yicha, Prezident Assad yangi o‘tish davri hukumati tarkibida bo‘lmaydi" - dedi o‘z fikrini ochiqlab Jon Kerri.

"Prezident Assad Suriyani boshqarishda davom etishiga bu mamlakat muxolifati hech qachon yo‘l qo‘ymaydi va bunga hech kim shubha ham qilmaydi".

AQShga ko‘ra, Suriyadagi mavjud tuzumni qo‘llab kelayotgan Rossiya ham murosaga bormoqda.

Jon Kerri janoblari Moskva ham "aniq bir odam bog‘lanib qolmaganini va o‘tish davri hukumati g‘oyasini qo‘llashini" bildirganini urg‘uladi.

Xavfsizlik Kengashining doimiy a‘zosi bo‘lgan Rossiya har vaqt Bashar al-Assadga qattiqroq bosim o‘tkazish va yo unga qarshi urushayotgan suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlash rejalariga to‘sqinlik qilib kelgan.

Ammo joriy hafta Moskvada Kreml rahbarlari bilan uchrashgan Jon Kerri Suriyadagi vaziyatni hal etish bo‘yicha AQSh taklif etgan maxsus anjuman g‘oyasiga Rossiya tarafi ijobiy munosabat bildirganini qayd etdi.

Vashington hozir Moskva tomonidan Assad tuzumiga harbiy qurol-aslaha yetkazilmasligiga erishishni ham maqsad qilib qo‘ygan.

Image caption Prezident Assadga qarshi kurashayotgan isyonkorlarga G‘arb harbiy yordam bermoqchi

Ammo AQSh endilikda Prezident Assadni qulatish uchun kurashayotgan Suriya muxolifatiga harbiy yordam berish niyatini ochiq-oydin bildirdi.

Ikki yildan oshdiki, Suriya prezidenti Bashar al-Assad tuzumiga qarshi bosh ko‘targan xalq g‘alayoni katta urush tusini oldi.

Ham siyosiy va ham iqtisodiy ma‘noda ancha yopiq va o‘ta qattiqqo‘llik bilan boshqarilgan Suriyada hech kim bu qadar ko‘p qoni to‘kilishi va g‘alayon uzoqqa cho‘zilib, katta urushga aylanib ketishini kutmagandi.

Sababi - yakkahokim boshqaruv va bir hovuch elita boshqarib kelgan Suriya mintaqadagi eng barqaror va tinch mamlakat, deb urg‘ulanardi.

Ammo "Arab bahori" bu yurtda hamon o‘tib ketmadi. O‘tgan davrda 70 ming inson qurbon bo‘lgani aytiladi.

Bir yarim million suriyalik jonini saqlash ilinjida qo‘shni Iordaniya, Turkiya va hatto Iroqqa qochib o‘tishga majbur bo‘lishdi.

BMTga ko‘ra, mamlakat ichkarisida ham kamida 4 million odam uy-joyini tashlab qochgan va mamlakatning boshqa mintaqalarda sarson-sargardonda yashamoqda.