Andijon xunrezligi qurbonlarini xotirlash marosimlarining bu yilgi markazi Istanbul bo‘ldi

Istanbulning "Bog'larboshi" konferentsiyalar markazidagi tadbir 2005 yil 13 mayida Andijonda halok bo'lganlar ruhiga Qur'on tilovat qilish bilan boshlandi.

Anjuman tashkilotchisi Turkiyadagi fuqaro jamiyati faollari va o'zbek muholifati vakillarini o'zida birlashtirgan "O'zbeklar Birligi" guruhi edi.

Guruh rahbari Adam Chelik qonli voqealardan 8 yil oitib,hanuz qurbonlar uchun adolat yo'qligi, jahon hamjamiyati yuzlab begunoh insonlarning o'limiga sabab bo'lgan qirg'in qarshisida hanuz sassiz qolayotganini aytdi.

Janob Chelik va boshqa faollar Andijonda halok boilgan namoyishchilar soni rasmiy raqamlardan "bir necha marotaba" ko'p ekanini ta'kidlashdi.

Ayrim notiqlar qurbonlar soni 'bir necha ming' degan raqamlarni ham keltirdilar.

Ammo qurbonlar soniga doir norasmiy raqamlarni tasdiqlash qiyin.

O'zbekiston hukumati aksariyati terrorchilar bo'lgan 187 kishining halok bo'lganini aytib keladi.

Fojiali voqealardan 8 yil o'tib, Andijonda aslida nimalar sodir bo'lgani borasida rasmiy va norasmiy farazlar bir-biridan har doimgidan ko'ra ham tafovutliroq.

Vaqt o'tgani sayin bu farq tobora kattarib bormoqda va vaqt o'tgani sayin hunrezlik guvohlarining ovozi tobora pasayib bormoqda.

Guvohlar yo'q

Istanbuldagi anjumanda Andijon qirg'inining bevosita shohidlari yo'q edi.

Tashkiliy jihatdan bu bir muammo sifatida ko'rilishi mumkin, ammo tashkilotchilar nazarida muammoning ildizi boshqa joyda.

Andijonlik qochqinlarni o'zida birlashtirgan "Andijon-Adolat va tiklanish" tashkiloti ortiq yo'q.

Ushbu guruh 2010 yilda Berlinda "Ozbekiston Halq Harakati" ta'sischilaridan bo'lgan edi, ammo o'tgan yili muholifat guruhidan chiqqanini e'lon qildi.

Buning ortidan andijonlik qochqinlarning ovozlari ham eshitilmay qoldi.

O'zbekiston Halq Harakati raisi Muhammad Solihning so'zlariga ko'ra, voqealardan 8 yil oitib, Karimov hukumati nafaqat mamlakat ichkarisi, balki horijdagi Andijon qirg'ini guvohlarining ovozlarini ham samarali bir shaklda o'chirishga muvaffaq bo'lgan.

"O'zbekiston hukumati andijonlik qochqinlarga muholifatdan chiqish borasida to'g'ridan-to'g'ri bosim o'tkazgani, ularning O'zbekistonda qolgan yaqinlarini tahdid qilgani bizga ma'lim", - deb aytdi Muhammad Solih.

O'tgan oy BMTning Inson Haqlari Kengashidagi hisobotida oizbek hukumat hay'ati Andijon voqealarini o'rganish borasidagi tavsiyalarni qat'iyan rad etgan va "Andijon masalasi yopilgani"ni aytgan.

Anjuman qatnashchilari Andijon qirg'ini atrofidagi jimjitlikka qaramasdan, qirg'inning unutilishiga yo'l qo'yib bo'lmasligini ta'kidlashdi.

"Uyat"

Anjumanda qatnashgan Britaniyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey G'arb hukumatlarining Andijon voqealari borasidagi mavqeyini "uyatli" deb atadi.

Unga ko'ra, G'arbning o'zi voqealar uchun mas'ul ko'rgan Karimov hukumati bilan qaytadan hamkorlik qilayotgani "ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas".

"Agar yuzlab namoyishchi O'zbekistonda emas-da, deylik Gurjistonda o'ldirilganida edi, G'arbning munosabati butunlay boshqacha bo'lgan bo'lur edi. Afsuski, G'arb musulmonlarning o'limi haqida unchalik qayg'urmaydi. G'arbda bugun qaror topgan tizim shunday. Men bu tizimning bir qismi bo'lmaganimdan mamnunman", - deb aytdi sobiq britan diplomati.

Unga ko'ra, Andijonda namoyishchilarni ko'chaga olib chiqqan omillar-qashshoqlik va ijtimoiy adolatsizlik saqlanib qolarkan, bu kabi voqelarning O'zbekiston va mintaqaning boshqa bir davlatida takrorlanish ehtimolini istisno qilib bo'lmaydi.

"Arab bahori chorasiz bir savdogarning joniga qasd qilishi bilan boshlandi va bir haftada Tunis prezidenti mamlakatdan qochdi. Bu kabi jarayonlar O'zbekiston va mintaqada har on yuz berishi mumkin".