2005 yil 13 mayda Andijonda nimalar bo‘lgan edi?

Image caption Hukumat askarlarining o‘qi ostida qolgan bu odamlarning ko‘pchiligi halok bo‘ldi.

Bir necha ming kishi ishsiz qolishiga Andijondagi 23 muvaffaqiyatli biznesmenning hibsga olinishi va ular bizneslarining to‘xtab qolishi sabab bo‘lgandi.

Biznesmenlar 1 yilcha oldin hibsga olinganlar va ular Andijondagi mahkama paytida qiynoqlarga solinib, noqonuniy diniy oqimga a‘zolik va boshqa ayblovlarga iqror qilinganlari haqida so‘zlab bergandilar.

12 may kuni Andijon mahkamasi biznesmenlar ustidan hukm e‘lon etilishi kutilgan va mahkama jarayonini yoritish uchun Andijonga ko‘plab xorijiy jurnalistlar borgan edilar. O‘sha kuni Andijonda qolib, ertasiga Toshkentga qaytishga qaror qilgan o‘sha paytda "Fergana ru" axborot agentligi muxbiri bo‘lgan Aleksey Volosevich qonli hodisalar guvohi bo‘lgan.

Aleksey Volosevich: Men va o‘sha paytda Reyters axborot agentligi muxbiri bo‘lgan Shamil Baygin bir kun oldin Andijonga "Akromiylar" ustidan borayotgan mahkama haqida xabar tarqatish maqsadida borgan edik va biz "Akromiylar" va ularning tarafdorlari harbiy qismlarga hujum qilishlarini, qurol-yarog‘ni qo‘lga kiritib, otishmalar boshlanib ketishini kutmagan edik. Shaharda nimalar yuz berayotganini tushunib olishimiz uchun bizga bir necha soat kerak bo‘ldi. Asosiy hujumlar 13 may yarim tunida va tongga yaqin yuz bergan. "Akromiylar" Andijon viloyati hokimligi binosini qo‘lga oldilar, hokimiyat oldida katta olomon yig‘ildi. Shu bilan shaharning har-har joyidagi yakka-dukkam otishmalarni hisobga olmaganda kechgacha tinchlik cho‘kdi. Kechki soat 5 larda qo‘shinlar kelib olomonni o‘qqa tutdi. Ichida "Akromiylar", ularning oilalari a‘zolari, garovga olingan odamlar va bu olomonga "qani bu yerda nimalar bo‘layapti" degan qiziqish bilan qo‘shilib qolganlardan iborat bu olomon Andijonning harbiylar qurshab olgan qismidan chiqib ketishga harakat qilganlarida otishma ostida qoldilar. Bu olomon ichidagi ko‘pchilik halok bo‘ldi. Bir qismi esa Qirg‘iziston hududiga o‘tib olishga muvaffaq bo‘ldi va ular qochqinlarga aylandilar.

BBC: O‘zbekiston hukumatining bo‘yniga qo‘yiladigan ayblov - hukumat adolat talab qilib chiqqan namoyishchilarni qirdi, degan ayblov. Nima deb o‘ylaysiz, norozilikni qon to‘kmasdan bostirish mumkinmidi?

Aleksey Volosevich: Bugunga kelib tahlil qilinganda, bu qirg‘in avvalambor, O‘zbekiston hukumatining zarariga bo‘lgan qirg‘in. O‘zbekiston hukumati bu odamlarning Qirg‘iziston hududiga emin-erkin o‘tishlariga qo‘yib berishi va keyin ochiq yuz bilan Qirg‘iziston hukumatidan jinoyatchilarni topshirishini talab qilishi mumkin edi. Ana shu holatdan O‘zbek hukumati yutishi mumkin edi. O‘shanda O‘zbekiston hukumatining mavqei yutuqli mavqeda bo‘lardi. Biroq hukumat boshqacha yo‘l - ya‘ni qonli hodisalarga aloqador hammani yo‘q qilish yo‘lini ma‘qul ko‘rdi. Buning oqibatida esa boya aytganimday, tasodifan o‘sha atrofda bo‘lganlar ham o‘qlar yomg‘irlari ostida qolib ketdilar.

BBC: Qonli hodisalardan 8 yil o‘tganidan keyin Andijon hodisalariga munosabatingiz hali ham o‘sha kungidekmi yoki o‘zgardimi?

Aleksey Volosevich: 2005 yil 13 may kunidagi Andijon hodisalaridan keyin qancha ko‘p vaqt o‘tgan sayin o‘sha hodisalar bilan oxirgi yillarda dunyoda yuz berayotgan hodisalar o‘rtasida umumiy o‘xshashlik ham ko‘zga ko‘rinib borar ekan. Buni men dunyodagi avtoritar tuzumlar bostirib kelayotgan jamiyatlarni islomiy guruhlar islomlashtirishga urinishlarining bir ko‘rinishi deb atagan bo‘lardim. Boshida tinch yo‘llar bilan. Mening nazarimda, Islom Karimov rejimi ham, unga qarshi chiqqanlar ham Andijon hodisalaridan o‘zlarining manfaatida foydalanmoqchi bo‘layaptilar. Ikki tomon ham shunchalik ko‘p inson halok bo‘lganida faqat raqib tomonni ayblab keladi. Ikki taraf ham o‘zini "oppoq, begunoh" qilib ko‘rsatishga harakat qiladi, lekin aslida unday emas. Biz bilamizki, aynan birinchi bo‘lib, odamlarni osonlik bilan o‘ldirishni "Akromiylar" boshlaganlar. Ular tunda harbiy qismlarga bostirib kirib, askarlarni o‘ldirib, qurol-yarog‘ni qo‘lga kiritishga uringanlar. Hukumat esa aybdormi, aybsizmi, qarab o‘tirmay otib tashlashga qaror qilgan.