Qozoq-Turkman prezidentlari yangi "Bolashak" temir yo‘lini ochishdi

Image caption Ikki mamlakat prezidentlari yangi temir yo‘l istiqboliga ishonishmoqda.

Qozog‘iston-Turkmaniston chegarasida yangi temir yo‘l yo‘nalishining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan ikki mamlakat prezidentlari bu yo‘lning Osiyo va Ovro‘poni, Shimolni Fors ko‘rfazi bilan bog‘lashiga katta umid bildirishgan.

Qozog‘iston bilan Turkmanistonni quruqlik orqali ulaydigan yangi temir yo‘lining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim 11 may kuni ikki mamlakat chegarasidagi "Bolashak" stantsiyasida bo‘lib o‘tgan.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov oltin relьslardagi oltin boltlarni ramziy qotirish bilan yo‘lni ochib berganlar.

"Hozirgi sharoitda vaqt juda muhim omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan yuk ayirboshlash har qanday tranzitchining jiddiy raqobat ustunligini ta‘minlaydi", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

Janob Nazarboyevga ko‘ra, ushbu yo‘l butun Kaspiybo‘yi mintaqasining strategik ahamiyatini yanada oshiradi.

"Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron temir yo‘l loyihasining amalga oshirilishi Ovrosiyo hududida transport oqimlarini qisqartirishda ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Bu yo‘l Ovro‘po mamlakatlariga Boltiq dengizi bandargohlaridan Yaqin va O‘rta Osiyo hamda Hind ummonidagi tovar va xomashyo bozorlariga chiqishlari uchun yo‘l ochadi. Transport masofasi va yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartiradi", dedi Prezident Berdimuhamedov.

"Bolashak-Serxetaka" temir yo‘l yo‘nalishi Qozog‘istondan chiqqan poyezdlarning Turkmaniston hududi orqali o‘tib Eronga yetib borishini ta‘minlaydi.

Shu kuni yangi ochilgan temir yo‘l orqali Qozog‘istondan Turkmanistonga don ortilgan ilk yuk vagonlari o‘tgan.

Ushbu loyiha Markaziy Osiyoning qoq yuragida bo‘lgan O‘zbekistonni chetlab o‘tgan yana bir yangi loyiha bo‘lgan.

Shu yilgi Navro‘z bayramini birgalikda Ashxobodda nishonlagan Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari O‘zbekiston hududini aylanib o‘tadigan yangi temir yo‘lni qurish haqidagi hujjatlarni imzolagan edilar.

Rejaga ko‘ra, Afg‘onistondagi Kobul shahridan 650 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Akina-Andxoy shahrini Turkmanistonning Atamirat va Tojikistonning Panji bilan bog‘laydigan temir yo‘lning uzunligi 400 kilometrni tashkil etadi.

Bu temir yo‘lni qurish iyul oyida Turkmaniston hududidan boshlanishi va uning Afg‘oniston hududidagi qismini ham turkman mutaxassislari barpo etishlari xabar qilingan.