Maksim Bakiyev ustidan Amerikada ochilgan mahkama ishi to‘xtatildi

Image caption Qirg‘iziston hukumati Maksim Bakiyev mahkamasidan uni ekstraditsiya etilishini kutayotgan edi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevning Britaniyada yashab kelayotgan o‘g‘li Maksim Bakiyev ustidan AQShda ochilgan mahkama ishi bekor qilingan.

Dushanba kuni Londondagi sud 35 yoshli janob Bakiyevni Amerikaga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilgandi, biroq AQSh unga qarshi ayblovni rad qilgan va bu degani u endi AQShga topshirilmaydi.

Rasmiy Qirg‘iziston mazkur qarordan norozilik izhor qilgan. Maksim Bakiyevni qirg‘iz mahkamasi korruptsiya uchun allaqachon sirtdan 25 yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

Qirg‘izistonlik muxbirimiz Gulnora Qasmambetovadan bu xabar tafsilotlarini so‘radik.

Uning aytishicha, Amerika tomoni Maksim Bakiyev AQShdagi birjalarda moliyaviy qallobliklarni amalga oshirishga uringan degan ayblar bilan uning ekstraditsiyasini talab qilib kelayotgandi. Biroq Blumberg agentligiga ko‘ra, bu ayblar bekor qilindi va AQSh endi uning Amerikaga topshirilishini talab qilmaydi.

Amerikadagi mahkama bu haqida e‘lon qildi, lekin bironta izoh bergani yo‘q. Londondagi Vestminster mahkamasi ham bu faktni tasdiqladi, ya‘ni ish to‘xtatilishini aytdi, biroq u ham izoh bermadi.

Qirg‘iz tarafi mahkama bo‘lishini kutayotgan edi va tabiiyki ushbu xabar kutilmagan bo‘lgan.

Qirg‘izlar Maksim Bakiyev Amerikaga topshirilsa, uni Amerikadan Bishkekka topshirilishiga erishmoqchi edilar. Chunki Britaniya va Qirg‘iziston o‘rtasida gumondorlar yo jinoyatchilarni topshirish borasida ekstraditsiya shartnomasi yo‘q, biroq AQSh va Qirg‘iziston o‘rtasida shunday shartnoma mavjud.

Albatta, oxirgi qarordan Qirg‘iz siyosatchilari juda norozi bo‘lishayapti. Tashqi ishlar vaziri Erlan Abduldayev AQShning Bishkekdagi elchisini chaqirib olgan va o‘z taassufini izhor qilgan. Biroq, elchilik ham nima uchun Maksim Bakiyevga qarshi ayblovlar bekor qilinganini tushuntirib bermayapti. Qirg‘iz rasmiylari Maksim Bakiyevni ko‘plab jinoyatlarda ayblaganlar va endi uni qo‘lga tushirish uchun va mahkamaga tortish uchun yangicha va qiyinroq yo‘llarni o‘ylab topishlari kerak bo‘ladi.

Demak, Amerikadagi ayblovlar bekor qilingan bo‘lsa, janob Bakiyev bemalol Britaniyada yashab yuraveradi, deyish mumkinmi? Yoki unga qandaydir tahdidlar bo‘ladimi?- degan savol tug‘iladi.

-Qaysidir ma‘noda, Maksim Bakiyevga hozir xavf yo‘q deyish mumkin. Balki qirg‘iz tomoni qattiqroq harakat qilib, Britaniya bilan ma‘lum diplomatik shartnomalarni tuzishga erisha olar va uning Bishkekka topshirilishiga Londonni rozi qilishi mumkindir. Lekin hozirning o‘zida Maksim Bakiyev Britaniyada tinchgina uxlayverishi mumkin, deydi qirg‘izistonlik hamkasbimiz Gulnora Qasmambetova.