Pokiston saylovi: Navoz Sharif yangi hukumat tuzishga kirishdi

Image caption Kuzatuvchilar Pokistondagi ilk demokratik saylovlar haqqoniy va shaffof o‘tganini ta‘kidlashgan.

Shanba kuni o‘tgan saylovlar natijasiga ko‘ra, Navoz Sharif bir partiyaviy hukumat tuzish uchun yetarli ovoz to‘plagan.

Norasmiy natijalar ko‘rsatishicha, Pokiston musulmon ligasi oson g‘alaba qozongan.

Sobiq kriketchi Imron Xonning "Adolat uchun harakat" partiyasi muxolifat tuzish uchun yetarli ovozga ega.

Biroq Imron Xon uning partiyasi saylovlarda yo‘l qo‘yilgan soxtalashtirishlar bo‘yicha ma‘lumotlari borligini aytgan. Imron Xonning o‘zi saylovoldi namoyishida yiqilib tushganidan buyon shifokor nazoratida qolmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra esa, Pokistondagi saylovlar haqqoniy va shaffof o‘tgan.

Ayni paytda dunyo mamlakatlari rahbarlari Navoz Sharifni birin-ketin qutlashmoqda.

Hindiston bosh vaziri Manmoxan Sinx Navoz Sharifga birinchilardan bo‘lib tabrik yo‘llagan.

Prezident Obama ham Pokistonni haqqoniy g‘alaba bilan tabriklab, kelgusida yangi hukumat bilan hamkorlik qilish umidida ekanini bildirgan.

Prezident Obama "tarixiy, tinch va shaffof tarzda fuqarolik hukumatiga o‘tish"ni olqishlar ekan, Sharif ismini aytishdan o‘zini tiygan.

Saylov kampaniyasi davomida Navoz Sharif ko‘p bor AQSh boshqarayotgan terror siyosatida Pokistonning ishtirok etmasligini ta‘kidlagan edi.

Shu bilan birga, u Tolibon va Al-Qoidaga qarshi harbiy harakatlar haqida izoh bermagan.

Pokiston bilan chegara muammolari tez-tez yuz beradigan Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Sinx o‘z mamlakati va Pokiston o‘rtasida "yangi qadam" qo‘yilishiga umid qilishini aytib, Navoz Sharifni Hindistonga taklif qilgan.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay ham hamkorlikka umid bildirarkan, Pokistonni jangarilar uchun qochib borishga imkon qoldirmaslikka chaqirgan.

Ikkala mamlakat ham uzoq vaqtdan buyon Tolibon jangarilari bilan kurashib keladi.

BBC muxbirining aytishicha, Pokiston, Afg‘oniston va AQShning uch tomonlama hamkorligi NATO o‘z qo‘shinlarini 2014 yilda Afg‘onistondan olib chiqqandan so‘ng ko‘proq sinaladi.

Ayni paytda Pokiston xalqi Navoz Sharifdan mamlakatdagi muammolarni hal qilib berish haqidagi va‘dalarini bajarilishini kutadi.

Janob Sharif Pokistondagi energiya taqchilligi, xarob iqtisod va ishsizlik muammolarini hal qilishga bel bog‘laganini aytmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, deyarli har kuni jangarilik hujumlari, portlashlar sodir etib turiladigan Pokistonda bu muammolarni hal qilish Navoz Sharifga oson bo‘lmaydi.