Aka-uka Tsarnayevlar yana uch qotillikda gumon qilinmoqda

Image caption Huquq-tartibot xodimlari DNK tekshiruvlari yakunlarisiz portlashlarga kimningdir aloqadorligi haqida gapirish erta ekanini aytganlar.

Amerikadagi ABC telekanali xabar qilishicha, Massachusetsdagi tergovchilar Boston portlashlarida gumon qilinayotgan aka-uka Tamerlan va Johar Tsarnayevlar 2011 yil 12 sentyabr kuni Uiltem shaharchasidagi xonadonlardan birida sodir etilgan uch insonning o‘limiga aloqadorligi borasida "tobora ko‘payib borayotgan" dalillarni qo‘lga kiritmoqda.

Bu xonadon Tamerlan Tsarnayevning do‘sti Brendan Messning kvartirasi bo‘lgan.

2011 yil 13 sentyabr kuni uy ichida bo‘g‘izlangan uch insonning jasadi topilgan.

Ular 25 yoshli Brendan Mess, 31 yoshli Erik Uaysman va 37 yoshli Rafael Tekenlar bo‘lgan.

Politsiyaga ko‘ra, jasadlarning ustiga marixuana sochib yuborilgan, yon-atrofda esa 5000 dollar turgan bo‘lgan.

Shuning uchun ham politsiya eshigi buzilmagan uydagi qotillik giyohvand moda ustidan chiqqan janjal tufayli sodir etilgan degan qarorga kelgan va bu fikr jinoyatning shu paytgacha sinchiklab tergov qilinmaganiga sabab bo‘lgan.

Boston Globe ro‘znomasining huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib xabar qilishicha, qotillik qurbonlarining yaqinlari iltimosiga ko‘ra, tergovga yana qattiq kirishilgan.

Qarindoshlar ushbu qotilliklarga Tamerlan Tsarnayev va uning ukasi Joharning aloqadorligini tekshirib ko‘rishni so‘raganlari xabar qilinmoqda.

Biroq huquq-tartibot organlari vakillari DNK tekshiruvlari yakunlarisiz kimningdir aloqadorligi haqida gapirish erta ekanini aytganlar.

AQSh matbuoti xabarlariga ko‘ra, Tsarnayevlarni yaqindan bilganlar Tamerlan Brendanni o‘zining eng yaxshi do‘sti deb atagani, biroq uning dafn marosimiga bormaganini g‘alati sanaganlari haqida aytganlar.

Politsiya aniqlashicha, 12 sentyabr kuni kechi soat 9 ga yaqin telefon orqali Gerry’s Italian Kitchen restoraniga pitstsa buyurtma berilgan.

Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, pitstsa tashuvchi buyurtma berilgan uyning eshigini hech kim ochmaganini, qo‘ng‘iroq qilingan Erik Uaysmanning telefoniga ham hech kim javob bermaganini aytgan.

Mahalliy prokuror Jerri Leon so‘zlariga ko‘ra, Brendan Messning uyi derazasi ochiq bo‘lgan, biroq qo‘shnilar hech qanaqa shovqinni eshitmaganlarini aytganlar.

Prokuror Leon so‘zlariga ko‘ra, qotilliklarni bir emas, bir necha kishi sodir etganiga undaydigan bir necha alomatlar bo‘lgan.

15 aprel kuni Boston shahrida o‘tkazilayotgan yugurish bo‘yicha marafonning finish chizig‘ida sodir etilgan portlashlarni aka-uka Tamerlan va Johar Tsarnayevlar sodir etishda gumon qilinganlar.

Oradan bir necha kun o‘tib politsiya bilan otishmada 26 yoshli Tamerlan Tsarnayev halok bo‘lgan va uning jasadi 10 may kuni Virjiniyadagi musulmonlarning kichik qabristoniga dafn etildi.

Ukasi 19 yashar Johar Tsarnayev politsiya bilan otishmada yaralangan va hozir qamoqxona shifoxonasida saqlanmoqda.