Tamerlan Tsarnayevning dafn etilganidan virjiniyaliklar norozi

Image caption Dosuelldagi musulmonlar qabristonida ikki yangi qabr paydo bo‘lgan, biroq ularning qaysi biri Tsarnayevniki ekanligi aniq emas.

Boston portlashlarini uyushtirgani gumon qilingan Tamerlan Tsarnayevning jasadi Virjiniyadagi musulmonlar qabristoniga ko‘milgan.

Ayni paytda Virjiniya shtati hukumati Tamerlan Tsarnayevni tuproqqa topshirishda belgilangan qonunlarga amal qilinganini tekshirayotgani aytiladi.

Assoshieyted Pressning bildirishicha, Virjiniya rasmiylari Tsarnayevning qabri Qo‘shma Shtatlarga dushmanona kayfiyatda bo‘lganlar uchun ziyorat joyiga aylanib ketishidan xavotirdalar.

Ularga ko‘ra, agar qonunbuzarliklar aniqlansa, Tsarnayevning jasadi Dosuell tumanidagi musulmonlarning kichik qabristonidan chiqarib, boshqa joyga ko‘milishi mumkin.

Shuningdek, mahalliy musulmonlar jamoasi vakillari ham Tsarnayevning dafn etilganidan norozi bo‘lib gapirishgan.

Ularning aytishicha, dafn marosimi haqida hech kim ularga xabar qilmagan. Virjiniya Islom markazining imomi Ammar Amonat esa "hamma narsa ularning yelkasi osha bajarilgani"ni va dafn etilgan joy o‘zini oqlamasligini ta‘kidlaydi.

19 aprelda Boston chekkasida politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan Tsarnayevning jasadini ko‘mish uchun bir nechta shtat qabristonlari uning qarindoshlariga rad javobini berishgan.

Faqat 9 maydagina uning jasadi tuproqqa topshirilgani aniq bo‘ldi.

Keyinroq aniq bo‘lishicha, islomiy tartiblar asosida dafn marosimi tashkil qilishda virjiniyalik Marta Mallen ismli ayol Tsarnayevning qarindoshlariga ko‘maklashgan.

Assoshieyted Pressga gapirgan Mallen buni "Iso dushmanlarini sevishni buyurgani"ni bilan izohlagan.

Virjiniya musulmonlar markazi imomi Amonatning so‘zlariga ko‘ra, Marta Mallen dafn marosimini Richmonddagi Islomiy jamiyat bilan birgalikda o‘tkazgan.

Ayni paytda Dosuelldagi musulmonlar qabristonida ikki yangi qabr paydo bo‘lgan, biroq ularning qaysi biri Tsarnayevniki ekanligi aniq emas.

Amerika politsiyasiga ko‘ra, aka-uka Tsarnayevlar 15 aprelda Boston marafonida portlashlarni uyushtirgan, unda uch kishi halok bo‘lgan, 260 kishi jarohatlangandi.

Amerika matbuoti yozishicha, Tsarnayevlar xalqaro islomiy tashkilotlar bilan aloqada bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq bu ma‘lumot rasman tasdiqlanmagan.

26 yoshli Tamerlan Tsarnayev politsiya bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan, uning 19 yoshli ukasi Johar Tsarnayev qo‘lga olindi.

Keyinroq qozog‘istonlik Diyoz Qodirboyev, Azamat Tajayakov va efiopiyalik Robel Filippos Tsarnayevlar bilan aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingani aytilgan.