BMT: "Hashorat iste‘mol qilish-ocharchilikka qarshi kurashning eng samarali yo‘li"

Image caption Hashoratlar dunyoning 2 milliarddan ortiq aholisi dasturxonidan joy olgan

BMT yangi hisobotiga ko‘ra, hashorat iste‘mol qilish dunyo bo‘ylab ocharchilikka qarshi kurashda yordam berishi mumkin.

Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining aytishicha, hashoratlar bilan oziqlanish atrof-muhit ifloslanishi darajasini ham kamaytiradi.

Hisobotda hashoratlar allaqachon jahon bo‘ylab 2 milliarddan ortiq kishining dasturxonidan joy olgani qayd etilgan.

Ammo, ko‘plab G‘arb mamlakatlarida hashoratlar iste‘molidan "hazar" qilinadi.

Hisobotga ko‘ra, bugun qovoqari, qo‘ng‘iz va boshqa hashoratlar insonlar va chorva mollari ozuqasi sifatida qayd qilinmagan.

Biroq, Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hashoratlarni ko‘paytirish "oziq-ovqat xavfsizligi"ni ta‘minlashning samarali usullaridan biri ekanini aytadi.

"Hashoratlar hamma joyda bor, ular tez ko‘payadi, tez o‘sadi", deyiladi hisobotda .

Foydali ozuqa

Hisobot mualliflari hashoratlarning foydali ozuqa ekani, ularning tarkibida oqsil, yog‘ va minerallar ko‘pligiga urg‘u berishadi.

Hashoratlar "ayniqsa, to‘yib ovqatlanmaydigan, nosog‘lom va kuchsiz bolalar uchun muhim yegulik" bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, hashoratlarni go‘sht o‘rnida iste‘mol qilish juda foyda berishi aytiladi.

Masalan, hisobotga ko‘ra, qora chigirtkalar tarkibidagi oqsil miqdori o‘rnini bosish uchun chorva mollari 12 marta ko‘p oziqlanishi kerak ekan.

Bundan tashqari, hashoratlarni atrof-muhitga juda ko‘p zarar yetkazmaydigan issiqxonalarda boqish mumkin.

BMT agentligi hisobotida: "Oziq-ovqat sanoati hashorat pishirishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularni oshxonalar taomnomalariga qo‘shish bilan ayni masalada yordam bera oladi", deyiladi.

Ammo, ba‘zi joylarda hashoratlarning ma‘lum turlari tansiq taom sifatida xushko‘rib iste‘mol qilinadi.

Masalan, Afrika janubida kapalak qurti juda qimmatbaho, shohona dasturxonlarga tortiladi.