Birma g‘arbida Roxang musulmonlari tushgan qayiq cho‘kib ketdi

Image caption O‘tgan yilgi zo‘ravonliklar ortidan o‘n minglab Roxang musulmonlari muvaqqat jamloqlarda istiqomat qilib kelishadi

Yordam agentliklari xabar qilishlaricha, Birma g‘arbida Roxang musulmonlarini olib ketayotgan qayiq cho‘kib ketgan.

Halokat yuz bergan mahal qayiqda 200ga yaqin yo‘lovchilar bo‘lgan.

Hodisa dushanba kechasi Rakxayn shtatining Paukto shaharchasi yaqinida yuz bergani, noma‘lum sondagi odamlar hali hanuz bedarak ekanlari aytiladi.

Odamlar hafta oxirida hududda yuz berishi kutilayotgan Maxasen tsikloni oldi evakuatsiya qilinayotgan bo‘lgan.

O‘tgan yilgi zo‘ravonliklar ortidan o‘n minglab Roxang musulmonlari muvaqqat jamloqlarda istiqomat qilib kelishadi.

BMT kutilayotgan to‘fon oldidan mintaqadagi insonlarni zudlik bilan ko‘chirishga chaqirgandi.

Tashkilotning ogohlantirishicha, ko‘plab boshpanasizlar toshqinlar va suv sathi ko‘tarilishiga o‘xshash hodisalar uchun o‘ta xatarli bo‘lgan pastqam sohil bo‘ylaridan qo‘nim topishgan.

"Qayiq toshga urilgan"

Yordam tashkilotlariga ko‘ra, 100-200 nafardan odam olgan qayiqlar dushanba kechasi yo‘lga tushishgan.

Ulardan biri ag‘darilib ketarkan, o‘nlab insonlar bedarak qolmoqda.

BMTning Insonparvarlik masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Barbara Manzining BBCga aytishicha, hozir qidiruv va qutqaruv ishlari tashkil qilingan

Unga ko‘ra, qayiq, aftidan, toshga borib urilgan.

Birma rasmiylari odamlarni hududdan ko‘chirish ishlarini joriy haftadan boshlashgan.

Oldinroq, qo‘shni Bangladeshni qa‘riga tortishi ehtimoli bo‘lgan tsiklon Birma g‘arbiga ham kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari olib kelishi ehtimolidan ogohlantirilgandi.

Ko‘mak tashkilotlari bundan Rakxayn shtatidagi vaqtinchalik chodirlarda jon saqlayotgan 140 ming atrofidagi boshpanasizlar aziyat chekishlari mumkinligini aytishadi.

Ular 2012 yil iyun va oktyabr oylarida Rakxayn musulmonlari va buddaviylari o‘rtasida kechgan zo‘ravonliklar ortidan uy-joysiz qolishgan.

"Hukumat Rakxayn shtatidagi boshpanasizlar muammosini hal etishga qaratilgan dastur ishlab chiqish yuzasidan qayta-qayta ogohlantirildi", deydi Xalqaro Amnesti tashkilotidan Izabel Arradon.

"Endi zudlik bilan yordam ko‘rsatilmasa, minglab insonlar hayoti qil ustida turibdi", deya qo‘shimcha qiladi u.

"Human Rights Watch"dan Brad Adamsga ko‘ra esa, Birma hukumati xatar ostida qolganlarni evakuatsiya qilish masalasida muvaffaqiyatsiz ish olib borgan.

Ammo, ayrim odamlarning o‘zlari boshqa bosh urar joylari yo‘qligidan qo‘rqib, hududni tark etishni istashmagan.

"Biz to‘fondan juda xavotirdamiz...eyishga yetarli oziq-ovqatimiz yo‘q", deb aytgan Roxang jamoasi a‘zolaridan biri.

"Ko‘plab odamlar mushkulot qarshisida, ammo nima qilishni bilmaymiz", deydi u.

NASAning ma‘lum qilishicha, Maxasen tsikloni dushanba kuni Shri Lankaning shimoli-sharqida bo‘lgan. Agentlikka ko‘ra, to‘fon shimolga yurgan sayin yanada kuchliroq bo‘lib boradi.

Besh yil muqaddam Nargis tsikloni Birmaning Irravaddi daryosi yaqinidagi hududlarga kelib urilarkan, kamida 140 ming inson nobud bo‘lgan va uch millionga yaqin kishi favqulodda yordamga muxtoj qolgandi.