"Vladimir Klichko bilan yana jahon chempionligi kamari uchun urishmoqchiman"

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Ruslan Chagayevning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, imkoniyati bo‘lishi bilanoq o‘z niyatini amalga oshirmoqchi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev oradan ikki yil o‘tib aynan Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan mahrum bo‘lgan.

Ruslan yana ringga tushishni niyat qilayotgan ukrainalik nomdor bokschi joriy paytda professional boksning WBO, WBA va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni hisoblanadi.

Vladimir Klichko shu oy boshida italiyalik raqibi Franchesko Pianetani yengib, o‘z professional karerasida 14-bor chempionlik kamarlarini muvaffaqiyatli himoya etgandi.

"Katta tajriba"

Ruslan Chagayev Vladimir Klichkoning taklifi bilan unga so‘nggi janggiga tayyorlanishga yordam bergan va qariyb bir oy davomida unga sparring hamkorlik qilgandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschining aytishicha, Vladimir Klichko bilan birga o‘tkazgan mashg‘ulotlari o‘ziga juda katta tajriba vazifasini o‘tagan.

"Bu narsa Vladimirdan ko‘ra, menga ko‘proq kerak edi. Hozir shunday o‘ydamanki, agar avval sparring mashg‘ulotlar o‘tkazib, keyin ringga tushganimda, Vladimir bilan bundan oldingi jangim umuman boshqacha bo‘lgan bo‘lardi", deydi Ruslan Chagayev.

"Jang umuman boshqacha bo‘lardi. Men hozir o‘sha paytdagi jangimni eslasam, men qo‘llagan taktika Vladimir Klichkoga umuman to‘g‘ri kelmas ekan".

Ruslan Chagayevning aytishicha, sobiq va bo‘lajak raqibining kuchi "judayam intizomli ekani va o‘z ishiga nihoyatda berilganligidadir".

Vladimir Klichko esa, shu yil oxirida Ruslanning boshqa bir sobiq raqibi, eng og‘ir vazn toifasida WBA tasnifida jahon chempioni Aleksandr Povetkin bilan ringga tushmoqchi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi bu narsa o‘zini cho‘chitmayotgani, hozir reytingda yaxshi mavqe‘da turgani va o‘zining ham niyati yana bir bor Vladimir Klichko bilan jahon chempionligi uchun ringga tushish ekanini aytadi.

Tarixcha o‘rnida

O‘zbekistonlik bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushishni rejalagan.

Ruslan Chagayevga ko‘ra, iyun yoki iyul oylarida navbatdagi reyting janggini o‘tkazishni rejalamoqda.

Ruslan o‘tgan va shu yil hisobidan o‘tkazgan har to‘rt reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

Agar 2012 yil noyabr oyidagi ma‘lumotlarga qaralsa, Ruslan Chagayev so‘nggi janggiga qadar WBA reytingida 3-o‘rinni egallab turgandi.

Ruslan Chagayevning professional boksda o‘tkazgan ja‘mi janglari soni endi 34 taga yetgan bo‘lsa, shundan 31 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va so‘nggi janglarini erkin agent maqomida o‘tkazgan.

Ruslan Chagayev bir necha oydan buyon yangi murabbiysi Shugar Hill qo‘l ostida Amerikaning Detroyt shahrida shug‘ullanib kelgan va yaqinda Olmoniyaga qaytgandi.

Uning biz bilan suhbatida aytishicha, bundan keyingi mashg‘ulotlarini har ikki mamlakatda ham davom etdirish rejasidadir.