Ayollar bichilayotgani haqidagi BBC dasturi Sony mukofotiga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonda ayollar o‘z ixtiyorlariga qarshi bachadonlari bichilayotganiga bag‘ishlangan BBC radiodasturi nufuzli Sony mukofotiga sazovor topilgan.

Mazkur hujjatli lavha 2012 yil aprelida efirga uzatilishi ortidan shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Lavha muallifi BBC muxbiri Natalya Antelava O‘zbekistonda tug‘ish yoshidagi ayollar ommaviy sterilizatsiya qilinayotgani, ayollarning o‘z ixtiyorlariga qarshi bachadonlari tugilayotgani haqida ko‘p xabarlarni olganini aytadi, bu xabarlar qanchalar haqiqatga to‘g‘ri kelishini tekshirish uchun O‘zbekistonga yo‘l oladi.

Biroq Natalya Antelava Toshkent aeroportidan kiritilmaydi, uni yana qayta Olma-Otaga parvoz qilayotgan uchoqqa o‘tirg‘izadilar.

"Menga O‘zbekistonga kirishi taqiqlangan odamlar ro‘yxatiga kiritilganim haqidagi qog‘ozni qo‘limga berishdi", deydi Natalya Antelava.

BBC muxbiri sterilizatsiya qilingan ko‘plab o‘zbekistonlik ayollar bilan uchrashadi.

O‘zbekistonliklar bu haqda ochiq gapirishga qo‘rqadilar, ism-shariflarini e‘lon qilmaslik sharti bilan mikrofonga gapirishga rozi bo‘ldilar, deydi BBC muxbiri.

Qozog‘istonda yurgan o‘zbekistonlik shifokor O‘zbekiston sog‘likni saqlash vazirligining ayollarni bichish haqidagi hujjati borligini aytadi, bu hujjatning raqamini keltiradi.

Toshkentlik ginekolog ayol esa har bir shifokorga necha ayolning bachadonini bichish haqida reja yuklanganini xabar qilgan.

O‘zbekistonlik shifokorlar va faollar so‘zlariga ko‘ra, sterilizatsiya dasturini qo‘llashdan maqsad, mamlakatda aholi sonining o‘sishini to‘xtatish va O‘zbekistonning xalqaro hisobotlardagi onalar va bolalar o‘limi borasidagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘lgan.

Sog‘likni saqlash xodimlariga ko‘ra, shifoxonalar 2009 yildan boshlab ayollarni bichish bo‘yicha kvotalar ola boshlashgan.

Ushbu kvotalarga muvofiq, har bir shahar shifoxonasida oyiga to‘rtta, qishloq joylarida esa 32 taga qadar ayol sterilizatsiya qilinishi kerak.

Shifokorlar ushbu kvotalarni bajarish bo‘yicha ularga kuchli bosim ko‘rsatilayotganini aytishgan.

Bir jarrohning e‘tirof etishicha, kesarevo amaliyoti bilan farzandli bo‘lgan ayollarni sterilizatsiya amaliyotiga ko‘ndirish yoda ularni bu haqda xabardor etmaslik oson bo‘lgan.

Toshkentda joylashgan nodavlat tashkiloti o‘zlari o‘tkazgan so‘rov 2010 yilda birgina Toshkent shahrining o‘zida yetti oy mobaynida 80 ming ayol sterilizatsiya qilinganini ko‘rsatgan.

BBC radiodasturidan keyin O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda yashirin sterilizatsiya dasturi mavjudligini rad etdilar.

O‘zining radiolavhasi nufuzli Sony radiotanlovida kumush mukofotga sazovor bo‘lishidan oldin yana ikki xalqaro mukofotga loyiq topilganini aytadigan muallif Natalya Antelava, bu mukofotlar O‘zbek ayollari duch kelayotgan muammolarga yana bir bor e‘tibor qaratilishiga turtki beradi, deydi.

"Bu men ayollar, shifokorlar bilan gaplashganimdan keyin aniqlagan, tergov qilishga harakat qilgan O‘zbekistondagi muammo haqida yana bir bor gapirish imkoniyatini beradi. Bu shunday muammo mavjudligidan xalqaro hamjamiyatni ogoh qilish imkoniyatidir. Afsuski, men olayotgan xabarlarga ko‘ra, menda bor manbalarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollarning o‘z ixtiyorlariga qarshi sterilizatsiya qilinishlari amaliyoti to‘xtagani yo‘q. Bu amaliyot bugungi kunda ham davom etayapti", deb aytdi radiodastur muallifi Natalya Antelava.