Suriyada "isyonkor askar yuragini yeyayotgani"ga oid video g‘azabga sabab bo‘ldi

Image caption Homsdagi manzara

Suriyadagi isyonkorlardan biri nobud bo‘lgan askarning yuragini yeyayotgani deya taqdim etilgan videoyozuv keskin qoralanmoqda.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan Human Rights Watchga ko‘ra, Homs shahrida Abu Shakkar nomi bilan taniqli ushbu isyonkorning hatti-harakatlari urush jinoyati sanaladi.

Suriyadagi asosiy muxolif ittifoq u mahkamaga tortilishi mumkinligini aytgan.

Ishonchliligini tasdiqlash imkonsiz bo‘lgan videotasvirda isyonkor, aftidan, yurakni kesayotgani ko‘rinadi.

Askarning tepasida turgan isyonkor Prezident Bashar al-Assadga ishora qilarkan: "Xudoga qasamki, Basharning itlari bo‘lgan askarlar biz sizlarning yuragingiz va jigarlaringizni yeymiz", deydi.

Human Rights Watchning aytishicha, Abu Shakkar Umar al-Farux brigadasi deb nomlangan guruh boshchisi hisoblanadi.

"Dushmanlar jasadlariga shikast yetkazish urush jinoyatidir", deydi HRW vakili Piter Bukert.

Tashkilotga ko‘ra, har ikki tomon ham urush jinoyatlarini sodir etganlar uchun daxlsizlik yo‘qligi va ular albatta javobgarlikka tortilishlarini bilishlari shart.

Inson huquqlari guruhiga ko‘ra, Abu Shakkarning bundan oldin ham Livandagi shialar istiqomat qiluvchi hududlarga raketa otayotgani va Suriya hukumati kuchlari bilan bir safda nobud bo‘lgan Livan Hizbulloh harakati jangchilari jasadlari tepasida turgani filmga olingan.

"Yakshanba kuni internet orqali tarqatilgan video - Suriyada ikki yildan ortiqroq vaqtdan beri davom etayotgan qirg‘inga oid tasvirlar ichida eng dahshatlisi", deydi BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Muyr.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, 2011 yil mart oyida Prezident Bashar al-Assadga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlanganidan beri 70, 000 inson hayotdan ko‘z yumgan.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlarini kuzatuv markazi esa, o‘lim hollari 80,000dan ortiq ekanini aytadi.