Frantsiya iqtisodi retsessiyaga kirgan

Image caption Frantsiyada ishsizlik darajasi yaqin kelajakda yanada yomonlashishi kutiladi

Frantsiya o‘z iqtisodi joriy yilning birinchi choragida 0.2 foizga qisqarishi ortidan retsessiyaga kirgan. Bu Frantsiyada to‘rt yil ichida yuz berayotgan ikkinchi retsessiyadir.

Uning iqtisodi 2012 yilning oxirgi choragida ayni miqdorga qisqargandi. Iqtisod keyinma-ketin ikki chorak mobaynida qisqarsa, bu retsessiya hisoblanadi.

Frantsiyada rekord darajada ishsizlik yuzaga kelgan, bizneslar va iste‘molchilarning o‘ziga ishonchi tushib ketgan.

Olmoniya iqtisodi bo‘yicha oshkor qilingan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Olmoniya iqtisodi birinchi chorakda atigi 0.1 foizga o‘sgan va Yevro hududidagi eng qudratli iqtisod bo‘lib qolmoqda.

Frantsiya Ikkinchi Jahon Urushidan beri eng yomon sanalgan retsessiyaga 2009 yilda kirgan.

Oxirgi yangilik Fransua Ollond prezident bo‘lib qasamyod keltirganining bir yillik sanasida yuzaga chiqmoqda.

Oy boshida Ovro‘po Komissiyasi Frantsiya bu yil retsessiyaga kirishi va Yevro hududi iqtisodi 0.4 foizga qisqarishini aytib ogohlantirgandi.

Ovro‘po Markaziy Banki o‘zining oxirgi majlisida iqtisod o‘sishini rag‘batlantirish uchun foiz ko‘rsatkichlarini misli ko‘rilmagan 0.5 foizga tushirgandi.

Frantsiyada ishsizlik darajasi hozirda 10.6% bo‘lib, kelgusi yil yanada oshishi kutiladi.

Undagi defitsit ham keskin o‘sishi kutiladi. Komissiyaga ko‘ra, defitsit Yalpi ichki mahsulotning 3.9 foizini tashkil qilishi mumkin.

Biroq, Frantsiyadagi ishsizlik darajasi baribir Yevro hududi belgilagan 11.4%dan oz bo‘lib qolayotir. Yunoniston va Ispaniyada ishsizlik 27 foizga yetishi kutiladi.

Olmoniyadagi o‘sish ko‘rsatkichlaridan Yevro rahbariyatining hafsalasi pir bo‘lgan. Iqtisodchilar birinchi chorakda 0.3% o‘sishni kutgandilar.

Statistika idorasi chiqargan bayonotda iqtisod susayishiga qahraton qish sabab bo‘lgani aytiladi. "Olmon iqtisodi yana o‘zini tiklab olayapti. Ekstremal havo sharoitlari bu sust o‘sishda o‘z rolini o‘ynadi", - deyiladi bayonotda.