Moskva josus ishi bo‘yicha AQSh elchisini chaqirtirdi

Image caption Foglning hibsga olinishi matbuot orqali tarqatildi

AQShning Moskvadagi elchisi Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashib, rossiyalik agentni ishga yollashga uringanlikda ayblangan amerikalik diplomat ishini muhokama qilgan.

Elchi Maykl Makfol seshanba kuni Rossiya "provokatsion amallar"i uchun Rayan Foglni hibsga olganini aytishi ortidan vazirlikka chaqirilgan.

Janob Fogl "persona non grata" deya e‘lon qilingan va mamlakatni tark etishi buyurilgan.

"Bu hodisa Rossiya va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni kuchaytirishga yordam bergani yo‘q", - deb aytgan Prezident Vladimir Putinning voizi.

Biroq, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov seshanba kuni Shvetsiyadagi anjuman doirasida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashganida bu masalani ko‘tarmaganini bildirdi.

"Men bu haqida so‘zlashish oshiqcha bo‘ladi deb o‘yladim, chunki ish allaqachon ommaga ayon bo‘ldi va hamma taraflar hamma narsani tushunib turishibdi", - deb aytgan janob Lavrov vazirlikning veb xabarida.

Elchi Tashqi ishlar vazirligida chorshanba kuni 30 daqiqalik uchrashuvda bo‘lgan, biroq undan so‘ng hech qanday sharh bermagan.

"Qo‘shimcha haq"

Janob Fogl Markaziy josuslik agentligining agenti bo‘lgani va Moskvadagi AQSh elchixonasida uchinchi siyosiy kotib bo‘lib ishlab kelgani ishoniladi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati dushanba oqshomida amerikalik diplomatni qo‘lga olgani, hamda tun osha ushlab turishi ortidan AQSh rasmiylariga topshirganini bildirgan.

AQSh Davlat departamenti hibsni tasdiqladi.

Qo‘lga olinganida janob Fogl sariq parik kiyib olgan bo‘lgan. Uning yonida katta miqdorda pul, texnik jihozlar va rossiyalik agent uchun mo‘ljallangan yozma yo‘l-yo‘riqlar bo‘lgani da‘vo qilingan.

Uning qo‘lga olinishi va go‘yoki yonidan topilgan jihozlar suratlari Rossiya matbuotida keng tarqatilgan.

Davlat televideniyesi, shuningdek, janob Foglning rus agentiga mo‘ljallangan xatini namoyish qilgan.

Yollanishi kutilgan agentni "Qadrli do‘stim" deb ataydigan maktub unga "uzoq muddatli hamkorlik uchun 1 million dollar, hamda foydali ma‘lumot olsak, qo‘shimcha bonuslar"ni taklif qiladi.

Muxbirlarga ko‘ra, mazkur hodisa uzoq muddatli siyosiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin, chunki Vashington ham, Moskva ham shpionaj Sovuq urush bilan yakun topmaganini biladilar.

Lekin, ayni damda, bu ish Suriya borasidagi nozik diplomatiyani olib borayotgan va o‘zaro sovuqlashgan aloqalarni ilitish uchun ehtiyotkorona qadamlar tashlayotgan Rossiya va AQSh o‘rtasida noqulay muhitni yuzaga keltiradi.

Ikki davlat o‘rtasidagi oxirgi yirik shpionaj ishi 2010 yilda yuz bergandi. Unda 10 kishi Rossiya manfaatiga AQShda josuslik qilish aybiga iqror bo‘lgandilar.

Bu 10 kishi so‘ngra Rossiyada AQSh uchun josuslik qilishda ayblangan to‘rt tutqunga almashtirilgandi. Bu almashuv Sovuq urush tugaganidan beri eng katta josuslar almashuvi bo‘lgan.