Aleppo turmasi atrofida Suriya qo‘shinlari va isyonchilar to‘qnashdi

Image caption Suriyada g‘alayonlar boshlanganiga ikki yildan oshdi

Suriya shimolidagi Aleppo shahrida joylashgan turma atrofida hukumat qo‘shinlari va isyonchilar to‘qnashganlar.

Xabarlarga ko‘ra, isyonchi jangchilar 4,000 nafarcha mahbus saqlanayotgan qamoq devorlarini portlatishga uringanlar.

Faollar bildirishicha, hukumat qo‘shinlari tanklar va tikucharlar yordamida javob qaytarganlar.

Ayni damda, isyonchi Ozod Suriya armiyasi o‘lgan askarning ichki organlarini isyonchi qo‘mondon tishlayotgani paydo bo‘lgan videoga mas‘ullarni jazolashini aytgan.

Aleppoda, faollarga ko‘ra, isyonchilar turma devorlari tashqarisida mashinaga o‘rnatilgan bombalarni portlatishga uringanlar.

Hukumat qo‘shinlari ularga hujum qilib, bir necha muxolifat a‘zolarini o‘ldirganlar.

Damashqdagi BBC muhbiriga ko‘ra, chorshanba kuni tushdan keyin ham to‘qnashuvlar davom etgan.

Internet yo‘q

Image caption Ozod Suriya armiyasi o‘z safdoshining "yurak yegan" videosini qoralab chiqdi

Ozod Suriya armiyasi o‘z qo‘mondonlariga internet orqali tarqatilgan video bo‘yicha zudlik bilan tergov olib borishlarini buyurganini aytib bayonot chiqargan.

Videoda go‘yoki Homslik taniqli isyonchi Abu Sakkar o‘lik askarning yuragini kesib olgani namoyon bo‘ladi.

"Agar u Ozod Suriya armiyasiga aloqador kishi ekani aniqlansa, qattiq jazolanadi", - deyiladi bayonotda.

Mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan videoda Abu Sakkar askarning jasadi ustida turib, "Ont ichaman, it Basharning askarlari, sizning yuraklaringizni va jigarlaringizni yeymiz", - deb aytgani ko‘rinadi.

AQShda joylashgan Human Rights Watch Abu Sakkarning amallari urush jinoyati ekanini aytgan.

Shuningdek, chorshanba kuni AQShda joylashgan internet monitoring shirkati Suriyada oxirgi olti oyning ichida uchinchi marta internetga kirishning imkoni bo‘lmayotganini bildirgan.

Renesis Korporatsiyasi Suriya internet xizmatlari mahalliy vaqt bilan soat 10:00da o‘chib qolganlarini aytdi.

BMTga ko‘ra, 2011 yil martida Bashar al Assadga qarshi g‘alayonlar boshlanganidan beri 80 ming odam halok bo‘lgan va millionlab suriyaliklar uylaridan qochishga majbur bo‘lganlar.