Mirjalol Qosimov: "Devid Bekhemdek o‘yinchi kamdan-kam tug‘iladi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image caption Mirjalol Qosimov: "Bekhemdek o‘yinchilar kamdan-kam tug‘iladi"

O‘zbek futboli tarixidagi uchta yulduz futbolchidan bittasi sanaluvchi Mirjalol Qosimov Angliya milliy terma jamoasi sobiq sardori, ingliz futboli yulduzi Devid Bekhemning katta futbolni tark etish qaroriga ana shunday munosabat bildirdi.

"Albatta, Devid Bekhem futbolchi sifatida yulduz, haqiqatan ham judayam kuchli o‘yinchi. "Manchester Yunayted"da ham, Angliya milliy terma jamoasida ham juda katta yutuqlarga erishgan. Shuning uchun uning o‘yini menga ham judayam ma‘qul", deydi o‘zbekistonlik futbol yulduzi.

"Eskidan aytilgan, menga yarim himoyangni ko‘rsatgin, jamoang qanaqa o‘ynashini ko‘rsatib beraman", deb. Qaysi klubda o‘ynashidan qat‘inazar, kerakli joyda va jamoaning yuragi bo‘lib o‘ynagan. Maydonda astoydil harakat qilib, jamoasiga judayam ko‘p foydasiga tekkan. "Manchester Yunayted"da ham, "Real"(Madrid)da ham judayam chiroyli o‘yin ko‘rsatgan, jarima to‘plarini ham judayam chiroyli tarzda tepib, darvozalarni ishg‘ol qilgan".

Mirjalol Qosimovning aytishicha, hozir Angliya futbolida Devid Bekhemning o‘rnini bosadigan futbolchi yo‘q.

"Maydonda Devid Bekhemdek harakat qiladigan o‘yinchini hozircha ko‘rmayapman", deydi u.

"Afsus, bunaqa o‘yinchilar kamdan-kam tug‘iladi. Vaqtida ketayaptiyu, lekin futbolda judayam yorqin iz qoldirdi".

Devid Bekhem payshanba 16 may kuni joriy futbol mavsumi yakunida professional futbolni tark etishini e‘lon qildi.

O‘z vaqtida Angliyaning eng old - "Manchester Yunayted" jamoasiga ham sardorlik qilgan 37 yoshli Devid Bekhem o‘tgan yil 1 dekabr kuni Amerikaning "Los-Anjeles Gelaksi" klubi bilan xayrlashib, Frantsiyaning "Pari-Sen-Jermen" jamoasi bilan 6 oyga shartnoma imzolagandi.

Devid Bekhem 5 yillik shartnoma asosida o‘zining "Los-Anjeles Gelaksi" klubiga o‘tish qarori bilan Shimoliy Amerika Oliy ligasi asos solingan 1996 yildan buyon Amerika maydonlarida ham to‘p surgan eng mashhur futbolchiga aylangandi.

Amerika klubiga o‘tmasidan avval Devid Bekhem Ispaniya nahanglaridan biri - Madridning "Real" klubida to‘p surgan.

Angliyalik yarim himoyachi jahon futboli yulduzlari to‘p suruvchi "Real"ga 2003 yilda "Manchester Yunayted" jamoasidan o‘tgandi.

Devid Bekhem qizil iblislar safida olti bor Angliya, "Real"(Madrid) saflarida esa, bir bor Ispaniya chempioni bo‘lgan.

Devid Bekhemning professional futbolni tark etish qaroriga Siz qanday qaraysiz? Fikrlaringizni biz bilan o‘rtoqlashing.