Bolalar mehnatiga qarshi "qaynoq liniya"ga Amudaryodan qo‘ng‘iroq bo‘ldimi?

Image caption BMT Bosh assambleyasida olti tilda axborot tarqatilgan.

O‘zbekiston BMT qarorgohida bolalar mehnatiga qarshi choralar ko‘rayotgani haqidagi axborotni tarqatgan bir paytda Qorqaqalpog‘iston dalalaridagi g‘o‘za chopig‘iga maktab o‘quvchilari olib chiqilayapti.

Bu haqda O‘zbekistondagi norasmiy Inson huquqlari himoyachilari Alyansi xabar tarqatgan.

Alyans rasmiylarning bayonotlariga qaramasdan, Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida voyaga yetmaganlar chopiqqa jalb qilinganini hujjatlashtirgan.

Inson huquqlari himoyachilari Alyansi rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida maktab o‘quvchilari majburan dalaga olib chiqilayotgani haqidagi xabarni olganidan keyin bu axborotni tekshirishga qaror qilgan.

Men shu yil 9 may kuni Amudaryo tumaniga yetib bordim, deydi Yelena Urlayeva.

- Bolalar dars soatlari vaqtida dalaga olib chiqilayotganlari tasdiqlandi. Men Amudaryo tumanining "To‘lqin" mahallasidagi 32-maktabning 8-sinf o‘quvchi qizlari bilan dalada suratga ham tushdim. Men Amudaryo tumanidagi 23-chi, 32-chi va 33 chi maktablarning o‘quvchilari g‘o‘za chopig‘iga olib chiqilayotganlarini aniqladim. Men u yerga borganimda bolalarning 10 kundan beri, ya‘ni may oyining boshlaridan chopiqqa olib chiqilayotganini aytishdi. Men 32-maktabning o‘qituvchilari bilan ham suhbatlashdim. O‘qituvchilarning aytishicha, o‘tgan yili boshqa tumanlardagi bolalar olib chiqilmagan paytda ham Amudaryo tumanidagi maktablarning o‘quvchilari paxta yig‘im-terimiga ham olib chiqilganlar. Mening ortimdan militsiya tushganini ko‘rganimdan keyin fotoapparatimni tortib olmasliklari uchun qochishimga to‘g‘ri keldi, deydi Yelena Urlayeva.

Paxta terimi mavsumidan tashqari bahorda g‘o‘za chopig‘i va yaganaga ham voyaga yetmaganlarni jalb etish bundan oldingi yillarda kuzatilgan, O‘zbekistonning boshqa hududlarida bolalar dalaga olib chiqilayotgani haqida ham axborot oldingizmi, degan savolga Yelena Urlayeva, hozircha yo‘q, deya javob qaytardi.

Image caption Yelena Urlayevaga ko‘ra, bolalarning daladagi fotosuratlarini militsiyadan yashirishiga to‘g‘ri kelgan.

Amudaryo tumanidagi holat O‘zbekiston matbuoti hukumat bolalar mehnatiga chek qo‘yish qarorida qat‘iyligini ko‘rsatayotgani haqidagi xabarlar tarqatayotgan bir paytda yuz bergan.

"Jahon" axborot agentligi xabar qilishicha, Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 67-sessiyasi payti oltita tilda axborot tarqatilgan.

Bu axborotga "Bolalarning sihat-salomatligi - O‘zbekistonning ustuvor davlat siyosati" deb nom berilgan.

"Jahon" agentligiga ko‘ra, O‘zbekiston 2008 yilda bolalarni, ularning huquq va erkinliklarini himoya qiladigan ikkita xalqaro konventsiyani imzolagan va o‘sha yili mamlakatda bolalarga bag‘ishlangan milliy dastur qabul qilingan.

2012 yilda voyaga yetmaganlarning mehnatga jalb qilgani uchun javobgarlik kuchaytirilgan va O‘zbekistonning hamma viloyatlarida bolalar mehnati bo‘yicha "qaynoq telefon liniyalari" tashkil qilingan.

BBC bugun Amudaryoda bolalar chopiqqa olib chiqilayotgani va Qoraqalpog‘istonda bu "qaynoq liniya" qanday ishlayotganini aniqlash uchun Qoraqlpog‘iston Ministerlar Kengashiga qo‘ng‘iroq qildi.

Qoraqalpog‘iston hukumati matbuot xizmati rahbari Botirbek Ashirbekov, "Amudaryoda maktab o‘quvchilari chopiqqa olib chiqilgani haqidagi xabar bo‘lmagan gap", dedi.

"Bizda qo‘lida pasporti yo‘q kishi hech qanday mehnatga jalb qilinmaydi", deb aytgan Botirbek Ashirbekov rahbarlarning ruxsatisiz mikrofonga gapira olmasligini bildirdi.

O‘zbekiston ichkarisida bolalar mehnati haqida xabar berishga mo‘ljallangan "qaynoq telefon liniya"lar qaysi davlat tizimlari tarkibda tashkil etilgani haqida jamoatchilikka ko‘p narsa ma‘lum emas.

Ayni paytda tuman yoki viloyat hokimining kelgusi yil o‘z lavozimida qolish-qolmasligi paxta yoki g‘alla rejasi bajarilishiga bog‘liq bo‘lgan mamlakatda bunday "qaynoq liniya"lar qanchalar samara berishi mumkin, degan savol ham o‘rtaga chiqadi.