Mahbus o‘limida rasmiylar ayblanmoqda

Image caption Mahbus o‘limida rasmiylar ayblanmoqda

Mahkum Hamza Ikromzoda o‘limiga oid mahkama ishida u jazoni o‘tagan qamoqxonada ishlagan to‘rt xodim ayblanmoqda.

Ayblov – ularning o‘z mansabini suiste‘mol qilishi. Va aynan ana shu holat mahkum o‘limiga yetaklagan, deb aytilayotir.

Qoralov tarafi Adliya vazirligiga qarashli qamoqxonaning mahkamaga tortilgan to‘rt xodimi orasidan Mahmud Ismoilovni bevosita mahkum Ikromzoda o‘limiga aloqadorlikda ko‘rmoqda.

Mahkum Hamza Ikromzoda 2012 yil sentyabrida Dushanbe shahridagi 1-raqamli axloq tuzatish koloniyasida olamdan o‘tgandi.

Rasmiy xulosaga ko‘ra, marhum o‘zini osgan.

Uni topib olgan qamoqxona nozirlari ilk tibbiy yordam ko‘rsatishga uringanlar, biroq harakatlari natija bermagan.

Ammo marhumning oila-a‘zolariga ko‘ra, u qiynoqlar oqibatida olamdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Yaqinlarining urg‘ulashicha, jasadda kaltaklash va do‘pposlashdan qolgan alomatlar, qizdirilgan dazmol bosilganini anglatuvchi uchburchak kuygan iz bo‘lgan.

Ammo Tojikiston Adliya vazirligi qamoqxonalarda qiynoq qo‘llanishi haqidagi da‘volarni qat‘iy rad etgan.

Tojikiston inson huquqlari faollari esa mamlakatda qiynoqlar muntazam qo‘llanib kelishini ta‘kidlashadi.

Dushanbedagi BBC muxbiriga ko‘ra, mahbuslarga nisbatan bu kabi shafqatsiz harakatlar hech qachon mahkamagacha yetib bormasdi.

Faollar qiynoqlar haqida gapirish Tojikistonda norasman ma‘n etilganini aytadilar.

Muxbirimiznng qayd etishicha, Tojikistonda biron mahbusning qiynoqqa solinganini amalda isbotlash imkonsiz bo‘lib kelgan.

Dushanbedagi hozirgi mahkama esa mahkum o‘limida rasmiylar ayblanayotgan ilk jarayondir.