Termizda shaxsiy uylar nima uchun buzilmoqda?

Shu kunlarda YouTube videoportalida Termizlik 75 yoshli onaxonning O‘zbekiston Prezidentiga murojaati tushirilgan tasvir paydo bo‘ldi.

Unda Termizlik onaxon shaharning sobiq Akmal Ikramov ko‘chasi bo‘ylab shaxsiy xonadonlarning rasmiylar tomonidan buzilayotganligidan o‘z noroziligini bildirgan.

Onaxonning aytishicha, bu yerlardan ko‘chishga qarshilik qilayotganlar uylarining tomlari majburiy ravishda ochib tashlagan va ularni huquq tartibot organlari xodimlari yordamida kuch bilan ko‘chaga olib chiqib tashlamoqdalar.

Inson Huquqlarini Himoya qilish qo‘mitasi Surxandaryo viloyati bo‘lim rahbari Botir Normurodovning BBCga aytishicha, Termiz shahrining sobiq Akmal Ikromov ko‘chasida uch qavatli zamonaviy binolarni qurish jarayoni ketmoqda.

Bu shaharni qayta qurish rejalarining tarkibiy qismidir.

Ikki yilcha avval boshlangan bu loyihaga muvofiq ko‘chaning ikki chetida uch qavatli binolarning qad ko‘tarishi rejalangan. Bu binolarning birinchi qavati tijoriy maqsadlarda foydalanishi, yuqori qavatlari esa aholi uchun ipoteka asosida sotiladigan kvartiralar bo‘lishi mo‘ljallangan.

Huquq faoliga ko‘ra, bu maqsadda hududdagi 100 ga yaqin xususiy uy buzilmoqda. 4-5 yilcha avval esa bu uylarning tomlari qaytadan yopilib, ta‘mirlangan edi.

Uylari buzilayotganlarga shahar chekkasidagi stadion orqasidan yangi uy qurib, ko‘chib o‘tish uchun yer ajratib berilmoqda ekan. Uylari buzilayotganlarning taxminan yarmi bu yerda uylar tiklab, ko‘chib ham o‘tishgan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, yangi uylar uchun ajrtilgan yerda termitlar juda ko‘p va xom g‘ishtdan qurilgan uylarni kemira boshlashgan.

Huquq faoli uyi buzilgan bir shaxs bilan suhbatlashib, tafsilotlarni so‘raganda uyning qanday materiallardan qurilgani va umumiy ahvolidan kelib chiqib baholash asosida yashovchilarga tovon to‘lanayotganligini aytgan.

Shaxsan unga 36 million so‘m tovon puli to‘langan va 24 sotka yer berilgan. U hozirda shu pulga yangi uy tiklash bilan ovora. Aslida u uyini yaqindagina, atigi bir necha yil avval qaytadan juda sifatli qilib ko‘targan edi.

Hozirda Sulton Saodat ko‘chasi deya yuritiluvchi ko‘chada yashovchi bu shaxsga ko‘ra, ba‘zilar ularga berilayotgan tovon pulining yetarli emasligidan norozi bo‘layotgan bo‘lsalar, boshqalari ko‘p yillardan beri yashab kelgan yerlaridan boshqa joyga ko‘chirilayotganlaridan norozilar.

Chunki ular orasida uylarining ahvoliga qarab atigi 5-6 million so‘m tovon olayotganlar ham bor. Bu pulga esa joriy sharoitda yangi uy tiklashning imkoni yo‘q.

Huquq faoli bu borada rasmiylardan izoh so‘ragan vaqtda, uylar uchun to‘lanayotgan tovon uy egasining shu vaqtgacha to‘lab kelgan solig‘i va kadastr hujjatlarda qayd etilgan narxi asosida beligilanayotganligini aytishgan.

Ba‘zi hollarda esa soliq miqdorini kamaytirish maqsadida kadastrda uylarning bozor narxi emas pasaytirilgan narxda qayd qilish hollari bo‘lgan. Rasmiylar ana shu asosda ham ba‘zilarga kam miqdorda tovon belgilanayotganligini aytishgan.

Bu borada rasmiylarga qilingan shikotyalarga javob bo‘lmaganidan keyin yashovchilar uylarni bo‘shatishga qarshilik ko‘rsatmoqdalar.

Bunday hollarda, aytilishicha, militsiya xodimlari yashovchilarni uylaridan chiqarishga jalb etilmoqda.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan huquq faolining aytishicha, aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan asosiy omil ham rasmiylar tomonidan qattiqqo‘l yo‘l tutilayotganidir.

Vaziyatni o‘rgangan yana bir huquq faoliga ko‘ra, ko‘chaning boshqa betida bo‘lgan qator uylarni ham buzishmoqda. Lekin ularning egalariga noma‘lum sabablar tufayli hanuz tovon puli to‘lanmagan va ajratilayotgan yerlar ham avvalgilariga qaraganda anchayin kam. Ya‘ni kishi boshiga atigi 1 sotkadan yer ajratishmoqda.