Kashmirda "Qur‘onni tahqirlagan"i uchun xitoylik hibsga olingan

Image caption Ushbu holat Pokistonda chet mamlakat fuqarosining birinchi marta Qur‘onni tahqirlash aybloviga duch kelishidir.

Pokiston nazoratidagi Kashmir rasmiylariga ko‘ra, to‘g‘on qurilishida ishlayotgan xitoylikni Qur‘onni tahqirlaganlikda ayblab olomon tilka-pora qilishidan asrab qamoqxonaga olishga to‘g‘ri kelgan.

Xitoylik "Mister Li" deb atalayapti, u Kashmirda to‘g‘on qurayotgan Xitoy shirkatida ishlagan.

Mahalliy politsiyaning BBCga ma‘lum qilishicha, xitoylikni darg‘azab olomon hujumidan asrab qolish uchun hibsga olganlar.

Kashmir politsiyasi rahbari hodisa yuzasidan tekshirishni boshlagan, buning uchun maxsus qo‘mita tashkil etishga qaror qilingan.

Ushbu qo‘mitaga mahalliy rasmiylar, siyosatchilar, ulamolar va jurnalistlar ham jalb qilingan.

Politsiya ushbu hodisani hozircha jinoyat ishi sifatida ro‘yxatga olmagan, qo‘mita tekshirishi natijalariga kutilmoqda.

Hodisaning Muzaffarobod shahriga yaqin qishloqda ro‘y bergani xabar qilingan.

Muzaffaroboddagi rasmiyning BBCga aytishicha, xitoylik bo‘yniga qo‘yilgan ayblov "Mister Li" bilan Xitoy shirkati yollagan mahalliy shifokor o‘rtasidagi mojarodan boshlangan.

Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan hafta "Mister Li" ismi Doktor Sajjod deya tilga olinayotgan shifokorga yashab turgan xonasidan qurilishda band bo‘lgan boshqa ishchilar yashayotgan yotoqqa ko‘chishni buyurgan.

Doktor Sajjodning boshqa joyga ko‘chishdan bosh tortgani, shundan keyin "Mister Li" bir necha kishiga Doktor Sajjod xonasida bo‘lmagan payti uning buyumlarini tashqariga olib chiqishni buyurgani aytilmoqda.

Shundan keyin Doktor Sajjodning boshqa ishchilarga aytishicha, o‘zining jomadonidagi Qur‘on va boshqa diniy kitoblar xonasidan tashqariga uloqtirilgan.

BBC muxbiri tarqalgan xabarlar qanchalar asosli ekanini tekshirish uchun Doktor Sajjod yoki "Mister Li" bilan suhbatlashishga harakat qilgan, biroq buning imkoni bo‘lmagan.

Mahalliy politsiyaga ko‘ra, Doktor Sajjodning gaplaridan qurilishdagi ishchilar juda g‘azablanganlar, keyinroq ularning safiga yaqin qishloqlarda yashaydigan "yuzlab sondagi" olomon qo‘shilgan.

Guvohlarga ko‘ra, olomon Xitoy shirkati binosini toshbo‘ron qilganlar, bir necha binolar va avtomobillarga shikast yetkazilgan.

Shundan so‘ng g‘azabnok olomondan asrab qolish maqsadida Pokiston nazoratidagi Kashmir politsiyasi xitoylikni hibsga olgan.

Pokistonda shakkoklik ayblovlari juda jiddiy qabul qilinadi, so‘nggi yillarda mahkamalar shakkoklik bilan bog‘liq qator ayblovlarni ko‘rib chiqqan.

Shakkoklikda ayblangan shaxslarni bir necha marta olomon kaltaklab o‘ldirgan yoki tiriklayin yoqib yuborgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, ushbu holat Pokistonda chet mamlakat fuqarosining birinchi marta musulmonlar uchun muqaddas kitobni tahqirlash aybloviga duch kelishidir.

Pokistondagi shakkolik haqidagi qonunga qarshi gapirgan ikki taniqli siyosatchi 2011 yilda o‘ldirilganlar.