HRW: Qirg‘izistonda sudlangan o‘zbek himoya qilinishi kerak

Image caption "Qirg‘iziston mahkamalarida zo‘ravon ayollarning bezoriliklariga chek qo‘yilishi va o‘zbeklarga nisbatan adolatli mahkama o‘tkazilishini ta‘minlash zarur", deb aytgan Xalqaro huquq tashkiloti.

2010 yil iyun hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan etnik O‘zbek ishining tinglovi paytida yuz bergan sud zalidagi zo‘ravonlik uning adolatli mahkama huquqini jiddiy poymol etadi.

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish Human Rights Watch tashkiloti ana shunday bayonot tarqatgan.

Bunday zo‘ravonlik va dushmanlik holatlari 2010 yildagi millatlararo to‘qnashuvlarda ayblangan etnik O‘zbeklarning 2011 yil sentyabridan boshlangan boshqa mahkamalarida ham bir necha marta ro‘y bergan.

2013 yil 15 mayda O‘sh viloyat sudi binosida bo‘lib o‘tgan mahkamada bir qancha ayollar sudlanuvchi Muhammad Buzrukovga tashlanib, unga shisha buyum va sumkalarini uloqtirishadi. Shuningdek ayollar hakamga baqirib, sudlanuvchiga yetib borish uchun qo‘riqchilarni ham urishadi.

"Agar Buzrukovlar, uning himoyachisi, hakamlar va qo‘riqchilar har safar mahkama zaliga chiqquncha o‘zlarining xavfsizliklari uchun xavotirlanishsa, tizimning ildizida muammolar bor,-deb aytadi Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Ritman.- Bu ish boshidanoq zo‘ravonlik bilan o‘ralgan edi, bunga nuqta qo‘yish kerak. Qirg‘iz hukumati bu ayollar tomonidan adolatga to‘sqinlik qilishni to‘xtatishi kerak", - deydi u.

35 yoshli Buzrukov 2011 yil iyun oyida etnik qirg‘iz Almaz Asqarovning o‘limida aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan.

Bu ayblov bo‘yicha bir qancha mahkama tinglovlari bo‘lib o‘tgan va har safar bir to‘da janjalkash ayollarning zo‘ravonliklari bilan davom etgan.

2013 yil fevral oyida Oliy mahkama Buzrukovning ishini qaytadan ko‘rib chiqish uchun viloyat mahkamasiga qaytaradi.

15 mayda mahkamani kuzatuvchilarning Human Rights Watchga aytishlaricha, zalda Asqarovning o‘ndan ortiq qarindoshlari bo‘lishgan. Qo‘riqchilar Buzrukovni mahkama zaliga olib kirganida , bir nechta ayol haqoratlar bilan unga tashlanishgan va kaltaklashga harakat qilishgan. Qo‘riqchilar Buzrukovni temir panjara ichiga kiritganidan so‘ng joylariga qaytib o‘tirishgan. Guvohlarning aytishicha, zalga uch hakam kirib kelganda ham marhum Asqarovning onasi o‘rnidan sakrab turib hakamlarni poraxo‘rlikda ayblay boshlagan. Zalga guvohlar chaqirilganda ham ayol baqirishdan tinmagani aytiladi. Kuzatuvchilar hakam Asqarovning onasini tartibga keltirish yoki chiqarib yuborish uchun hech bir chora ko‘rmaganini aytishgan. Buning o‘rniga hakamlar mahkama ishini 5 iyunga qoldirilganini e‘lon qilishgan va zalni tark etishgan.

Qo‘riqchilar Buzrukovni panjaradan tashqariga chiqarishganda yana ayollar unga tashlanib, urmoqchi bo‘lishgan. Qo‘riqchilar Buzrukovni olib chiqishga zo‘rg‘a muvaffaq bo‘lishgan. Bundan g‘azabi battar qo‘zigan ayollar militsiya xodimlarini ura boshlashgan. Ayollar bitta militsiya xodimining ko‘ylagini yirtib tashlashgan.

Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining 234- moddasiga binoan, huquq tartibot xodimlariga qarshilik qilganlik uchun yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan. 317- moddaga ko‘ra, adolatni qaror toptirishga qarshilik ko‘rsatish ham jinoiy ish hisoblanib, uch yilgacha qamoq jazosi berilishi yozib qo‘yilgan. Sudga hurmatsizlik esa 321- moddaga ko‘ra, yirik jarima va ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilishni ko‘zda tutadi.

Biroq huquq faollariga ko‘ra, Qirg‘iziston mahkamalari milliy ozchiliklarga taaluqli ishlarni ko‘rganda bunday noqonuniy harakatlarga doimo ko‘z yumib kelishadi.

"Qirg‘iz hukumati mahkama zalidagi bezoriliklar, xususan oxirgi shu kabi hodisani tekshirib, tegishli chora ko‘rishi va Buzrukovning himoyasi ta‘minlanishi zarur, - deb aytgan Mira Ritman. -"Qirg‘iz mahkamalaridagi zo‘ravonliklar to‘xtatilishi lozim, qonunbuzarlar jazosiz qolmasligi kerak",- deyiladi Human Rights Watch e‘lon qilgan bayonotda.