Isyonchilar Suriya mulozimining otasini o‘g‘irlab ketishgan

Image caption Fayzal Maqdod Suriya hukumatidagi qudratli shaxslardan hisoblanadi.

18 may kuni Suriya jangarilari Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari Fayzal Maqdodning otasini garovga olishgan.

Suriya mulozimining 80 yoshli otasi Iordaniya chegarasiga yaqin Gossom qishlog‘idagi uyidan o‘g‘irlangan.

Xabarlarga qaraganda, o‘g‘irlangan qariyani Daraa shahriga olib ketishgan.

Hozircha bu hodisaga mas‘uliyatni hech bir guruh yoki shaxs zimmasiga olmagan.

Inson huquqlari faoli Rami Abdul Raxmonning fikricha, garovga olish jangarilardan birining qarindoshini hukumat kuchlari tomonidan qamoqqa olinishiga javoban amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Rami Rahmonning aytishicha, Fayzal Maqdodning otasini ozod qilish bo‘yicha muzokaralar boshlangan.

O‘tgan haftalar davomida jangarilar Daraa viloyatida sezilarli muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishgan, bir qancha harbiy baza va muhim chegara postlarini qo‘lga kiritishganini ma‘lum qilishgan edi.

Bu qo‘shni Iordaniya davlatining isyonchilarga berayotgan harbiy ko‘magi orqali amalga oshirilgani aytiladi.

Ayni paytda Prezident Bashar al-Assad o‘zining hukumatiga xalqaro bosimlar kuchayib borayotganiga qaramasdan, 2014 yilgi prezidentlik saylovigacha iste‘foga chiqmasligini bildirgan.

"Iste‘fo berish qochish degani", - deb aytgan janob Assad Argentinaning Clarin ro‘znomasi va Telam agentligiga bergan intervyusida.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assadning oggohlantirishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Suriyadagi fuqarolar urushiga chek qo‘yish maqsadidagi amallari kam samara beradi. Shu bilan birga, Bashar Assad Rossiyaning mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi muzokaralarini yoqlar ekan, rasmiy Damashq G‘arb "haqiqatdan ham Suriya mojarosini hal qilishni xohlashiga ishonmasligi"ni aytgan.

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hukumat kuchlari isyonchilar nazoratida bo‘lgan Qusayr shahrini qayta o‘z nazoratlariga olish maqsadida hujumlarni boshlagan. Atrofdagi hududlarda bir necha haftadan buyon janglar bormoqda edi. Suriya davlat televideniyesi xabarida aytilishicha, hukumat qo‘shinlari shahardagi terrorchilarni o‘rab olgan va "ularning rahbarlarining uyasini yo‘q qilgan". Muxolifat faollariga ko‘ra, qattiq bombardimon oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan.

Damashqda minalashtirilgan avtomashina portlashi natijasida uch kishi o‘lgan, besh odam yaralangan.

Hukumat televideniyesi hodisada jangarilarni ayblagan.

Suriyada fuqarolar urushiga aylanib ketgan Bashar Assad va muxolifatning qurolli to‘qnashuvlari oqibatida 2011 yildan buyon BMT hisobotiga ko‘ra qariiyb 80 ming inson halok bo‘lgan.