AQShda ilk O‘zbek raqs dastasini tuzgan Lourel Viktoriya Grey

Image caption Lourel Grey-xonim Farg‘ona, Xorazm va Buxoro raqslarini alohida o‘rgangan

Doktor Lourel Viktoriya Grey - O‘zbek raqsini AQShda yoygan ilk san‘atkorlardan. U hali 1980 yillari Siyetl shahrida o‘zbek raqsi bo‘yicha madaniy jamiyat tuzgandi.

Shu asno ummon ortidagi hamyurtlariga o‘zbek raqslarini ham o‘rgata boshlagan. 1995 yilga kelib esa san‘atkor va tadqiqotchi Buyuk Ipak Yo‘li raqs shirkatini tuzadi.

Lourel Grey-xonim O‘zbekistonning mashhur raqqosasi Qizlarxon Do‘stmuhammedovadan ohista, ammo purma‘no o‘zbek mumtoz raqsi sir-sinoatini o‘rganadi.

Qariyb yigirma yildan beri har sana AQShda Markaziy Osiyo raqsini o‘rganish to‘garagini yuritadi.

Sharq raqs san‘ati shaydosi bo‘lmish Lourel Grey dunyoning turli mamlakatlarida ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibasi bo‘lgan.

Bir necha yil oldin O‘zbekistonda ham faxriy doktorlik olgan va bu uning Markaziy Osiyo raqs san‘atini dunyoga tanitish hamda yoyish yo‘lidagi xizmatlariga berilgan bir baho sifatida ko‘riladi.

Hozir turli irq va dinga mansub o‘nlab amerikalik qizlar Lourel Grey qo‘lida sharq, xususan, o‘zbek raqsi sirlarini o‘rganishmoqda.

Arab, fors va hind raqslarining mohir ijrochisi va jonkuyari bo‘lgan Grey xonim o‘zbek raqslari bo‘yicha ham "Gulbahor" hamda "Samarqandning olti yo‘li" kabi kontsert dasturlari tashkil etgan.

AQShda ilk o‘zbek raqs dastasini tuzgan va boshqalarga ham o‘rgatayotgan doktor Lourel Viktoriya Grey-xonimga pastdagi maxsus forma va yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochta manzili orqali o‘z savollaringizni yo‘llang.

Sizning savollaringiz asosida san‘atkor bilan olib borilgan suhbatni kelasi shanba 25 may kuni vebsahifamizda o‘qib, radiodasturimizda tinglashingiz mumkin.

Savollaringizni kutamiz.