O‘zbekiston hukumati nega "Arab bahori"dan cho‘chiydi?

Image caption O‘zbekistonda "Arab bahori"ga qarshi targ‘ibot yuritib kelinadi.

O‘zbekiston televideniyesi rangli inqiloblar yoki "Arab bahori" deb atalayotgan hokimiyatlar almashinuvi tanqid qilingan yana bir ko‘rsatuvni namoyish etgan.

Ko‘rsatuvda Yaqin Sharq mamlakatlaridagi hodisalar barqarorlikni izdan chiqargani aytiladi, tinchlikni asrash kerakligi uqtiriladi.

"O‘zbekiston" telekanali namoyish etgan ko‘rsatuvga "Oqayotgan suv qadri" deb nom berilgan.

Unda O‘zbekiston iqtisodiy va ma‘rifiy yutuqlarga erishgani maqtaladi.

O‘zbekistonliklar mamlakatdagi tinchlik-barqarorlikning qadriga yetishlari lozimligi, Yaqin Sharq, Afg‘oniston, Iroq, Sudan, Misr va Suriyadagi qonli hodisalardan saboq chiqarish zarurligi ta‘kidlanadi.

Ota-onalar farzandlari turli oqimlar ta‘sirlariga tushib qolmasliklari uchun ehtiyot bo‘lishlari haqida ogohlantiriladilar.

"Arab bahori"ga qarshi targ‘ibot boshqa mamlakatlarda kuzatilmaydi, aksar tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati bunday hodisalar o‘z mamlakatida takrorlanishidan jiddiy xavotirga tushgan.

Xorij matbuotida Husni Muborak Misri, Muammar Qaddofiy Liviyasi va bugungi O‘zbekistonning o‘xshash jihatlari sanab o‘tilgan qator maqolalar e‘lon qilingan.

Frantsiyada istiqomat qiladigan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, O‘zbekiston hukumatining "Arab bahori"dan cho‘chishiga asos bor.

Birinchisi, jamoatchilik fikrini oldindan aytib bo‘lmasligidir, deydi Kamoliddin Rabbimov.

"2004-2005 yil voqealari shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik kutilmaganda junbushga kelishi mumkin va kutilmaganda ta‘bir qilib bo‘lmaydigan hatti-harakatlar qilishi mumkin. Ikkinchisi, O‘zbekiston aholisi o‘zining kvadrat kilometriga nisbatan ancha zich joylashgan. Ya‘ni "Arab bahori", hokimiyatlar almashinuvi yoki shartli ravishda inqiloblar deydigan bo‘lsak, mana bu inqiloblarning yoki hokimiyat almashinuvining ma‘lum bir ijtimoiy, geografik, demografik o‘lchovlari mavjud. Va mana shu o‘lchovlarning deyarli hammasiga O‘zbekiston tushadi", deydi tahlilchi.

"Arab bahori"dan qo‘rqish uchun asos

"Hokimiyat legitimligining pastligi, uning korruptsiyaga berilganligi, aholining zich joylashganligi, ijtimoiy norozilikning yashirin-oshkora, lekin ancha yuqori ekanligi, aholining aksar qismi, yarmidan ko‘pi 30 yoshgacha bo‘lganlar ekanligi. Mana shu omillarning hammasini inobatga olib zulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston hokimiyati va hukumatining "rangli inqiloblar" yoki "Arab bahori"ga o‘xshash voqealardan qo‘rqishga mutlaq asosi bor", deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Arab bahori" deb nomlanayotgan hodisalar Tunisda 2010 yil 17 dekabri kuni savdogarlik ortidan kun ko‘radigan Muhammad Boazizining mahalliy amaldorlarning adolatsizligiga qarshi o‘ziga o‘t qo‘yishidan boshlandi.

"Muhammad Arab dunyosidagi tushkunlikka tushgan, ishsiz va yo ro‘zg‘or tebratishga qiynalayotgan millionlab o‘ttizdan yosh Arablarning ramzi edi", deydi BBCning Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchisi Jeremi Boven.

"Arab bahori" ortidan O‘zbekistonda Internetni yanada qattiqroq nazoratga olishga kirishilgan, bu hukumatning mamlakatda bunday hodisalar takrorlanishi oldini olish yo‘lidagi amallaridan biri bo‘lgan.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov esa O‘zbekiston hukumati o‘zining kuch ishlatish qobiliyati bilan qudratda qolishga intilish o‘rniga "kompleks ishlar, eng birinchi o‘rinda siyosiy islohotlar boshlashi" lozimligini aytadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi