Yangi film: Telia Sonera va Gulnora Karimova bevosita aloqada bo‘lganmi?

Image caption Shvetsiya telejurnalistlari boshlagan jurnalistik tergov Telia Sonera rahbariyatidagi o‘zgarishlar va mahkama ishlariga sabab bo‘ldi

Shvetsiya Jamoatchilik televideniyesi 22 may oqshomi namoyish etishi kutilayotgan "Missiya - Tergov" dasturida "Telia Sonera- Moskvadan chopar" hujjatli filmini namoyish etmoqchi. Bu film Ozodlik O‘zbek xizmati bilan hamkorlikda yaratilgan.

"Telia Sonera - Moskvadan chopar" filmi go‘yo Telia Sonera va Gulnora Karimova o‘rtasida yuz bergani da‘vo qilinayotgan bevosita muzokaralarga asoslanadi.

Filmda da‘vo qilinishicha, Gulnora Karimova qo‘li bilan yozilgan hujjatlar namoyish etiladi.

Bu hujjatlarda Karimova xonim go‘yo Telia Soneradan pul olinishi kerakligi va bu pul unga tegishli xayriya tashkilotlariga berilishi shartligini ta‘kidlaydi.

Shuningdek, Telia Soneraning o‘zidan olingan hujjatlar ham namoyish etilgan. Ularda Telia Sonera har uch oyda Gulnora Karimovaga to‘lashi kerak bo‘lgan pul miqdorini pasaytirishga harakat qilgani iddao qilinadi.

O‘tgan yili shved jurnalistlari Telia Sonera mobil telefon shirkati va O‘zbekistondagi yuqori doiralarga berilgan pora borasidagi mojaro yuzasidan tekshiruv o‘tkazgandilar.

Shvetsiya Ijtimoiy televideniyesida yangi tekshiruvlar natijalariga asoslangan "Telia Sonera - Moskvadan chopar" nomli filmida esa O‘zbekiston prezidentining qizi shaxsan dastxati bilan ilovalar kiritgan hujjatlar asosida Telia Soneraning O‘zbekistondagi faoliyati va Gulnora Karimova o‘rtasidagi bevosita aloqalar borligi ko‘rsatilgan.

Karimova yaqinda Shveytsarida chop etiluvchi Bilan jurnaliga bergan intervyusida Telia Sonera bilan aloqasi borligini rad etgandi.

Karimova xonimga ko‘ra, u Telia Sonera vakillari bilan hech qachon uchrashmagan va gaplashmagan.

"Men vositachilar orqali galashishdan ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni afzal ko‘raman, chunki o‘z tajribamdan bilamanki, bunday muloqotlar muammo keltirib chiqarishi mumkin , ayniqsa mening maqomim nazarda tutilsa", - degandi Gulnora Karimova.

Ayblovlar, asosan, Shvetsiya hukumatiga qisman tegishli bo‘lgan Telia Sonera O‘zbekistonda 3G mobil telefon xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun o‘rtada vositachi bo‘lgan shirkatga 300 million dollar to‘langani atrofidadir.

Telia Sonera o‘shanda bu da‘volarni mutlaqo rad etdi, lekin ish yuzasidan Shvetsiya prokuraturasi maxsus tekshiruv o‘tkazdi va masala parlamentda mubohasa qilindi.

Hozirda e‘tiborga taqdim qilinayotgan yangi film bu ayblovlarni yana bir pog‘onaga ko‘tarmoqda.

BBC qo‘liga yetib kelgan film stsenariysiga ko‘ra, Telia Sonera va Gulnora Karimova o‘rtasida muzokarlar yuz bergan va shirkat O‘zbekistondagi o‘z tijoratini himoyalash maqsadida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan xayriya tashkilotlari orqali pul to‘lab turgan.

BBC Telia Sonera matbuot xizmati rahbari Salomon Bekele bilan bog‘lanib, bu da‘volarga munosabatini so‘radi.

Bekele: Bu tafsilotlar borasida sharh berishni istamagan bo‘lardim, chunki siz tasvirlayotgan tafsilotlarni biz hali ko‘rganimiz yo‘q. Biz Gulnora Karimova bilan muzokara olib bormaganmiz. Telia Sonera shirkatida pora berish madaniyati yo‘q. Bu iddaolarning ba‘zilari haqida "Missiya - Tergov" dasturi tomonidan so‘ralganda, amaldagi ijrochi direktorimiz Per-Arn Blomkvist ham ochiq aytgan.

BBC: Siz aytayotgan intervyuda janob Blomkvist Telia Sonera Fond Forum tashkilotiga pul to‘langanini tan olgan. Telia Sonera hali ham Gulnora Karimovaga aloqador tashkilotlarga homiylik qiladimi?

Bekele: Biz "Missiya - Tergov" dasturi bilan muloqotimizda shuni ochiq aytdikki, o‘zimiz faoliyat olib borayotgan barcha mamlakatlarda turli xil faoliyatlar uchun homiylik qilamiz. Bu faol korporativ fuqaro bo‘lishning bir qismi. O‘zbekistonda ham shunday ish olib boramiz. Ta‘kidlab aytmoqchiman, bu faoliyatlarga jalb etilishni biz o‘zimizga mos tajriba, deb bilamiz. Bu faoliyatlarni Fond Forum tashkillashtirgan, biroq biz Fond Forumning o‘ziga homiylik qilmaganmiz, balki u tomonidan uyushtirilgan faoliyatlarga homiylik qilganmiz, xolos. Shuni tasdiqladik.

BBC: Lekin, ilgari surilayotgan iddao shuki, bu homiylik pullari Teliasoneraning O‘zbekistondagi faoliyati davom etishiga yordam berish uchun, hamda soliq va bojxona idoralari bilan muammo bo‘lmasligining oldini olish uchun to‘langan. Bu hatto himoya pulidek namoyon bo‘layapti. Bunga nima deysiz?

Bekele: Biz buni butkul rad etamiz. Dastur doirasida Per-Arn Blomkvistdan ham bu so‘raldi va u ham shunday javob berdi. Biz buni umuman tan olmaymiz. Biz o‘zimiz ish olib boradigan barcha mamlakatlarda xayriyalarga homiylik qilamiz va bu to‘lovlar bizning korporativ siyosatimizga mos bo‘lishi kerak. Agar bunday bo‘lmasa, buni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Lekin, dasturdagi iboralarni biz umuman tan olmaymiz.

Himoya puli

Film boshida shvetsiyalik jurnalistlariga o‘zini Aleksandr deya tanishtirgan bir shaxs qo‘ng‘iroq qiladi.

Aleksandr keyinchalik o‘z qo‘lida bo‘lgan va shaxsan Gulnora Karimova dastxatiga ega bo‘lgan hujjatlarni Moskvadan jurnalistlarga "chopar" orqali yuboradi. Film mualliflardan biriga ko‘ra, birinchi hujjat ularga yaxshi tanish.

"Bu Telia Soneraning O‘zbekistondagi bahstalab ishlari... Bu yerdan 2.3 milliard shved kronasi Gayane Avakyanning Takilant shirkati hisobiga ketgan - u Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisi. Ammo yana bir ichki hujjat bor. Bu bir iqtisodiy hisobot bo‘lib, Gulnora Karimovaning stoli ustidan olingan va uning dastxati bilan izohlar bitilgan. Bu hujjatda o‘z biznesi va dunyo bo‘ylab mulklarining qanday shaklda boshqarilishini istashi haqida so‘z ketadi. Ayni hisobotda Telia Sonera va diktatorning qizi o‘rtasida yangi va sirli biznes amallari haqida so‘z boradi. Agar bu isbotlansa, unda u yerda poraxo‘rlik madaniyati keng tarqalganini ko‘rsatadi...va bu davom etmoqda" - deydi film mualliflaridan biri.

Bu hujjatlarni olgan jurnalistlar ularni Iqtisodiy Jinotyalar Bo‘limi inspektori Lars Xammarga ko‘rsatishadi.

"Men bu hujjatlarni iloji boricha sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishga harakat qildim. Bu hujjatlarni yozgan shaxs har taraflama ma‘lumotga ega bo‘lganligi namoyon bo‘ladi", - deydi janob Xammar. "Ya‘ni ishning butun ikir-chikirlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan shaxsdir. Agar bu rost bo‘lsa, bu juda achinarli holat, Telia Sonera yillar mobaynida kimgadir pul to‘lashga rozi bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Bu yaxshi emas...."

Iddao qilinishicha, ayni hujjatlar Telia Sonerada poraxo‘rlik madaniyati keng tarqalganligini ko‘rsatmoqda. Lekin bu hujjatlarda Gulnora Karimovaniki deyilgan dastxatlarni qanday tekshirish mumkin?

"Buning uchun grafologga murojaat qilish kerak. Dastlab o‘sha shaxsniki ekanligi aniq bo‘lgan dastxatni olib, uniki deya iddao qilinayotgan dastxat bilan solishtirish lozim" - deydi Lars Xammar.

Image caption Telia Sonera Karimova bilan aloqada bo‘lganini rad qiladi

Bu maslahatga rioya qilib, shvetsiyalik jurnalistlari hamda Ozodlikning O‘zbek xizmati xodimlari hujjatlarni Shvetsiya va Isroildagi grafologlarga ko‘rsatishadi. Ikkala grafolog ham chopar olib kelgan dastxatlar bilan Gulnora Karimovaning dastxati o‘rtasida o‘xshashlik ehtimoli juda yuqori, degan xulosani berishgan.

"Majburiy to‘lovlar"

Chopar olib kelgan hujjatlarni tasdiqlash maqsadida jurnalistlar ularga qo‘lda yozib qoldirilgan izohlardan tashqari juda ko‘plab yangi, avval ma‘lum bo‘lmagan faktlarni aniqlaganlar.

Filmda, shuningdek, bu hujjatlarda qo‘lda yozib qoldirilgan Takilant shirkati nomi, Gayane Avakyan manzili, turli banklardagi mahfiy qutilar soni, bu qutilar ichidagi narsalar ro‘yxati (ko‘p miqdorda pul va brilliant taqinchoqlar), bankdagi hisoblar, taniqli san‘atkorlarni olib kelish borasidagi ma‘lumotlar namoyish etilgan.

Agarda bu ma‘lumotlar o‘z tasdig‘ini topsa, ushbu hujjatlarga ishonchni kuchaytiradi.

Filmda da‘vo qilinishicha, bu ma‘lumotlardan uchtasi tasdiqlanmagan, lekin yettitasi tasdiqlangan.

Film mualliflari hanuz Telia Soneraning yuqori doiralarida ishlovchi shaxs bilan uchrashganlar. U shirkatning O‘zbekistonda yuritgan faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan jurnalistik tadqiqotlar davrida o‘ta muhim manba bo‘lgan. Jurnalistlarning ishonishlaricha, hozirda ularning qo‘liga kelib tushgan hujjatlarni tushunishda ham bu manba yordam berishi mumkin. Filmda bu shaxsning ismi oshkor etilmagan.

"Agarda bu hujjatlardagi ma‘lumotlar rost bo‘lsa, bu Telia Sonera Gulnora bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lganligini ko‘rsatadi. Bu shirkat uchun o‘ta ayanchli ma‘lumot bo‘lishi mumkin".

Filmda da‘vo qilinishicha, ushbu hujjatlarda Gulnora Karimova Telia Sonera shirkatidan quyidagilarni go‘yo talab qilgani ko‘rsatiladi: Yiliga uch marotaba "Kelajak ovozi", "Asrlar sadosi" va "Style.uz"ga pul to‘lab turish. Shuningdek, Telia Sonera rozi bo‘lganligi ham qayd etilgan.

"Bu kabi to‘lovlar sobiq Ittifoq hududida juda keng tarqalgan. Telia Sonera biznesining yirik qismi ham shu hududga to‘g‘ri keladi. Bu kabi to‘lovlar u yerda majburiydir", - degan Telia Sonera rahbariyatida ishlovchi o‘z ismini oshkor etmagan manba.

Shvetsiyalik jurnalistlar Telia Sonera Gulnora Karimova bilan muzokaralarga kirishgani va himoya puli deya talqin qilinishi mumkin bo‘lgan mablag‘ to‘langani hamda O‘zbekistondagi poraxo‘rlik madaniyati haqidagi da‘volar bo‘yicha Telia Sonera bosh ijrochi rahbari Per-Arn Blomkvistning fikrini so‘rashgan.

"Mening bilishimcha, biz hech qachon Gulnora Karimova bilan muzokara olib bormaganmiz. Shuning uchun u savolni chetga qo‘ying. Biz Takilant bilan muzokara qilganmiz. Takilant bizga maslahat sifatida qator xizmatlarini taklif qilgan, lekin biz bu takliflarni rad etganmiz" - degan Blomkvist janoblari.

"Birinchidan men shuni aytishim kerakki, Telia Sonera shirkat sifatida hech qachon pora deya talqin qilinishi mumkin bo‘lgan faoliyatga aralashmagan. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham. Bizda korruptsiyaga aslo toqat qilmaymiz. Agar shunga o‘xshash narsani aniqlasak, albatta chora ko‘riladi. Korruptsiya bilan bog‘liq har qanday narsaga men toqat qilmayman va siz aytayotgan holat men uchun notanish" - deb aytgan Blomkvist.

BBC O‘zbek Xizmati Gulnora Karimova rahbarligi ostidagi Fond Forum bilan bog‘lanib, ushbu filmda ilgari surilgan da‘volar haqida munosabatini o‘rganishga harakat qildi.

Fond Forum BBC yuborgan elektron maktub yetib borganligini tasdiqladi, lekin hozirga qadar ushbu maktubga javob bergani yo‘q.

Ayni vaqtda BBC O‘zbek Xizmati oxirgi vaqtlarda Gulnora Karimova anchayin faol bo‘lgan Tvitter mikroblogi orqali ham bu borada murojaat yubordi, lekin mazkur murojaatga ham hozircha javob yo‘q.