Oklaxoma tornadosida omon qolganlarni izlash nihoyasiga yetmoqda

Image caption Oklaxoma quyunida halok bo‘lganlar soni avval aytilganidan kamroq ekani aniqlandi

Qutqaruvchilar dushanba kuni Oklaxoma shahrida 20dan oshiq odam, jumladan to‘qqiz bolani nobud qilgan bahaybat quyun o‘z ortida qoldirgan vayronalar ichida ish olib borishmoqda.

Rasmiylar omon qolganlarni izlash ishlari nihoyasiga yetib qolgani va asosiy harakatlar qayta tiklashga yo‘naltirilayotganini aytishgan.

Eng ko‘p shikast yegan Mor mavzesining yong‘in o‘chiruvchilari rahbari Gari Berd xarobalar ostida boshqa odamlar qolmaganiga "98% ishonchim komil" deb aytgan.

Mor orqali o‘tgan quyun shamollari soatiga 320 kilometr tezlikda harakat qilgan.

Oklaxoma Gubernatori Meri Follin qurbonlar soni 24dan oshishi mumkinligi, chunki ba‘zi jasadlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri dafn uylariga olib ketilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Shtatning tibbiy nazoratchisi ba‘zi qurbonlar ikki marta sanalgan bo‘lishi mumkinligini aytishi ortidan jasadlar soni 51dan tushirilgan.

Janob Berdga ko‘ra, dushanba oqshomidan beri boshqa jasadlar topilmagan.

Qutqaruvchilar vayron bo‘lgan mahallalarda qidiruv ishlarini olib borishga qiynalganlar, chunki ko‘chalarning nomini ko‘rsatuvchi ishoralar quyunda g‘oyib bo‘lgan.

Milliy Ob-havo Xizmati quyunni EF-5 darajali tornado darajasiga ko‘targan.

Qurbonlar orasidagi to‘qqiz bolaning yetti nafari Plaza Tauers Elementari boshlang‘ich maktabida halok bo‘lishgan. O‘qituvchilar dahlizlar va hojatxonalarda jon saqlashga uringanlarida, quyun maktab tomini sug‘irib olib, devorlarni buzib tashlagan.

Rasmiylarga ko‘ra, Oklaxomadagi 100dan ortiq maktablarda quyundan jon saqlash uchun maxsus xonalar mavjud, lekin Morda shikast yegan ikki maktabda bunday xonalar bo‘lmagan.

Mahalliy yashovchilar ular quyun kelishidan 16 daqiqa avval ogohlantirilganlarini aytishgan. Rasmiylarga ko‘ra, odatda bunday ogohlantirish 8-10 daqiqa avval beriladi.