Oklaxomaga kelgan tornadoda kamida 90 nafar inson halok bo‘ldi

Image caption Tornado oqibatida kamida 90 nafar inson halok bo‘lgani xabar qilinadi

AQShning Oklaxoma shahri atrofidagi hududlarga kelgan quyun binolarni yer bilan yakson qilgan.

Shifokorlar xabariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 90 nafardan ziyod inson halok bo‘lgan va yana o‘nlab insonlar yaralangan.

Oxirgi ikki kun ichida tornado Oklaxoma shtatiga 20 martadan yopirilgan.

Oklaxoma shtatida favqulodda vaziyat joriy etilgan.

Kengligi bir kilometrdan kattaroq bo‘lgan quyun bir boshlang‘ich maktabni butunlay vayron qilgan va ko‘plab yong‘inlarni keltirib chiqargan.

Mahalliy matbuot xabar qilishicha, maktab binosi vayronalari ostida bolalar qolgan bo‘lishi mumkin.

Hozircha 20 nafardan ziyod maktab o‘quvchisi izsiz yo‘qolgani aytilmoqda.

Ayniqsa Oklaxomaning vagonlarda yashagan insonlari qattiq zarar ko‘rgan.

Qutqaruvchilar tornado qurbonlarini qidirishda davom etmoqdalar.

O‘liklar mahalliy kinoteatrlardan biriga olib borilmoqda.

Halokat miqyosi

Image caption Quyun ko‘plab binolarni butunlay o‘pirib ketgan

Sur‘ati soatiga 300 kilometrdan tezroq bo‘lgan shamoldan eng ko‘p aholisi 50 mingdan ziyod bo‘lgan Mur shaharchasi talofot ko‘rgan.

Osmondan olingan tasvirlarda qanday qilib ko‘ngillilar va qutqaruvchilarning vayronalar ostidan qurbonlar va yaradorlarni qidirishayotgani namoyish etilgan.

Markaziy Meteorologiya Xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, quyun tezligi soatiga 321 kilometrni tashkil etgan.

CNN telekanali bilan suhbatda Oklaxoma shtatidan kongressmen Tom Koul: "Bunday halokatlardan o‘nglanish uchun uzoq vaqt va kuch kerak bo‘ladi," deb aytgan.

Oklaxoma va qo‘shni shtatlarga kelib urilgan Fudzita tornadosi shkalasiga ko‘ra, taxminan eng kuchli EF-4 kategoriyasiga teng bo‘lgan.

Bunday kuchdagi tornadolar "kuchli devorlarni ham qulatishga qodir" bo‘ladi.

1999 yilda Mur shaharchasi aholisi o‘xshash quyunga duch kelgan edi.

O‘shanda tarixdagi eng kuchli tornado qayd etilgandi.

Biroq, Skynews-8 mahalliy kanaliga gapirgan Oklaxoma patrul xizmati xodimi Betsi Randolf bu galgi quyun oqibatlari 14 yil muqaddam yuz berganidan jiddiyroq bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Tornado, chaqin va kuchli shamollardan Ayova va Kanzas shtatlari ham zarar ko‘rgan.

"Hech narsa qolmadi"

Image caption Tornado sur‘ati soatiga 300 kilometrdan ziyod bo‘lgani xabar qilinadi

Yakshanba kuni tornado Shoni shahri yaqinida barpo etilgan treyler-parkni yer bilan yakson qilgan.

Oklaxoma shtati sud med ekspertining aytishicha, treyler-park yaqinida 2 nafar inson jasadi topilgan. Ular 79 yoshli Glen Ayrish, va 76 yoshli Billi Xatchinson bo‘lgan.

Ikkala qurbon ham Shoni yashovchilari bo‘lishgan, ammo ularning avtouylarda yashab-yashamagani aniqlangani yo‘q.

Mahalliy gazetaning xabar berishicha, shtatning markaziy shifoxonasiga jarohat olgan besh nafar insonni keltirganlar.

Ulardan uch nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deya baholanadi.

Oklaxoma shtatining tornadodan ziyon ko‘rgan mintaqalarida yashovchi minglab aholi elektr energiyasisiz qolgan.

Oklaxoma shtati gubernatori Meri Fellin 16 okrugda favqulodda vaziyat joriy etilganini e‘lon qilgan va mazkur mintaqalarga insonparvarlik yordami yuborilishini aytgan.

"Hozirda insonlarga ilk yordamni ko‘rsatayapmiz va o‘zimizga kelayapmiz, - deb aytgan gubernator Fellin. - Ammo hammasi ortda qoldi deyishimizga hali erta".

Yakshanba kuni i mahalliy kanal boshlovchilari tornado tufayl ko‘rsatuvlarni to‘xtatib, studiyani tark etishga majbur bo‘lganlar.