Deparde "qasoskor chechen otasi rolini o‘ynaydi"

Image caption "Feruza" Jerar Deparde ishtirokida Checheniston haqida olinayotgan ikkita filmning birinchisi bo‘lishi aytilmoqda

Xabarlarga ko‘ra, frantsuz rejissyori Filipp Martines tomonidan suratga olinajak film o‘g‘lining o‘limi uchun qasos olmoqchi bo‘lgan chechen otasi haqida bo‘ladi.

AQSh Milliy Jamoatchilik radiosi(NPR)ning xabar berishicha, filmda Jerar Depardedan tashqari britaniyalik mashhur model va aktrisa Elizabet Hyorli ham suratga tushadi.

Shu yil boshida shaxsan prezident Vladimir Putinning o‘zi taniqli frantsuz aktyoriga Rossiya fuqaroligini bergandi.

Buning ortidan esa, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Jerar Depardega poytaxt Grozniyning qoq markazidan besh xonali hashamatli kvartira sovg‘a qilgandi.

Yangi filmning Moskva va Grozniyda tasvirga olinishi aytilmoqda.

Rossiya axborot agentliklari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, suratga olish ishlari shu kunlarda boshlanishi mumkin.

Image caption Jerar Deparde o‘tgan yil oxirida O‘zbekistonga ham tashrif buyurgandi

Ammo "Feruza" Jerar Deparde ishtirokida Checheniston haqida olinayotgan ikkita filmning birinchisi bo‘lishi aytilmoqda.

Xabarlardan ma‘lum bo‘lishicha, taniqli frantsuz aktyori ishtirokidagi yana bir film ikki chechen urushi oqibatida vayron bo‘lgan Grozniyni qayta tiklash ishlariga bag‘ishlanadi.

Avvalroq Jerar Deparde Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning marhum otasi rolini o‘ynashiga oid xabarlar ham tarqalgandi.

Ammo, Amerika radiosiga ko‘ra, chechen rahbarining matbuot kotibi buni rad etgan va Jerar Deparde yangi filmga oid rejalari bilan kelasi hafta Grozniyda uyushtirilajak matbuot anjumani chog‘ida o‘rtoqlashishini aytgan.

O‘tgan yil oxirlarida O‘zbekiston internet nashrlari ham Jerar Depardening tez orada suratga olinishi mo‘ljallangan filmga taklif qilingani haqida yozishgandi.

Xabarlarda film stsenariysi Abror Hakimov va prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgandi.

Film voqealari tarixiy 5-6 asrlarga taluqli bo‘lib, Jerar Deparde ovro‘polik ruhoniy obrazini yaratishi kutilmoqda.

Deparde va Checheniston

Image caption O‘zining so‘zlariga qaralsa, Checheniston Jerar Depardega juda yoqqan

Shu yil fevral oyida poytaxt Grozniyga shaxsan tashrif buyurgan janob Deparde Checheniston o‘ziga nihoyatda yoqqanini aytgandi.

Frantsuz aktyori bu yerning odamlari xayrixoh, ochiq ekanliklarini alohida ta‘kidlab o‘tgandi.

Jerar Depardeni aeroportda shaxsan Ramzan Qodirovning o‘zi qarshi olgan va sharafiga dabdabali ziyofat ham uyushtirgandi.

Frantsuz aktyori o‘sha paytning o‘zida Checheniston haqida film ishlash istagida ekanini aytgan va mahalliy kinematograflar bilan ham uchrashgandi.

Ramzan Qodirov avvalroq frantsuz aktyoriga o‘z yurtlariga kelib yashashni taklif etgan va "buyuk madaniyat arbobi uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga" va‘da qilgandi.

Ammo besh xonali uy va Chechenistonning faxriy fuqarosi bo‘lib olganiga qaramay, janob Deparde Mordoviyada ro‘yxatdan o‘tishni afzal bilgandi.

Yulduzlar

Image caption Bu - jahon miqyosida taniqli bo‘lgan yulduzlarning Chechenistonga ilk tashriflari emas

Bu - jahon miqyosida taniqli bo‘lgan yulduzlarning Chechenistonga ilk tashriflari emas.

2011 yili prezident Ramzan Qodirovning tug‘ilgan kuni bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan Shahar kuni tantanalarida britaniyalik taniqli skripkachi Vanessa Mey, belgiyalik mashhur aktyor Jan-Klod Van Damm, taniqli ingliz qo‘shiqchisi Sil (Seal) va amerikalik aktrisa Hillari Suonklar ham ishtirok etishgandi.

Bayram munosabati berilgan kontsertda Van Damm Ramzan Qodirovni yaxshi ko‘rishi va Chechenistonda amalga oshirilgan ishlardan hayratga tushganligini ochiqchasiga izhor etgandi.

Hillari Suonk esa, "o‘zining inson huquqlarini saqlash yo‘lida olib borayotgan faoliyatiga soya tashlagani"ni aytib, keyinchalik Grozniyga qilgan safaridan pushaymon ekanini aytib chiqqandi.

Yulduzlarni Chechenistonga borish niyatidan qaytarish uchun, hatto, "Human Rights Watch" halqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti ularga ochiq xat bilan ham chiqqandi.

Xalqaro tashkilot maktubida ularning prezident Ramzan Qodirov uyushtirgan kechada ishtirok etishlari "avtoritar boshqaruvini ko‘z-ko‘z qilish" sifatida qabul qilinishi bilan ham ogohlantirgandi.

35 yashar Ramzan Qodirov Chechenistonni 2007 yildan buyon boshqarib keladi. Faollar chechen hukumatini Chechenistonni islomiylashtirish va erkinliklarni bo‘g‘ishda ayblab kelishadi.