"Londonda terrorchilik amali sodir etilgan"

Image caption Hujum Britaniya poytaxtining janubiy-sharqiy Vulvich tumanida yuz bergan

Hodisa London janubi-sharqida yuz bergan. Pichoq va chopqi bilan qurollanib olgan ikki shaxs bir yo‘lovchiga hujum qilarkan, "Allohu akbar", deya qichqirishgan. Qurbonning harbiy ekani aytilmoqda.

Mahalliy politsiya ularga qarshi o‘t ochib, har ikkovini ham yaralagan.

Britaniyalik mas‘ullar ro‘y bergan voqea "terrorchilik amali" bo‘lishi mumkin, degan fikrdalar.

Jumladan, britan Bosh vaziri Devid Kameron bunga "jiddiy dalillar borligini" aytmoqda.

Bosh vazirga ko‘ra, mamlakati "hech qachon bu kabi hodisalar qarshisida bosh egib qolmaydi".

Frantsiya safarida bo‘lgan Devid Kameron shoshilinch ortga qaytgan.

Bugun Britaniya Bosh vaziri boshchiligi ostida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mita(COBRA)ning yig‘ini rejalangan.

Butun London bo‘ylab Britaniya Qurolli kuchlarining kazarmalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Chunki hujum Britaniya poytaxtining Vulich tumanidagi kazarmalar yaqinida amalga oshirilgan.

Hujum tafsilotlari

Image caption Hujumchilar pichoq, bolta va o‘tochar qurollar bilan qurollangan bo‘lishgan

Hujumchilar o‘z qurbonlarini o‘ldirib, jasadini kazarma yaqiniga tashlashgan va 20 daqiqacha politsiya xodimlarining yetib kelishlarini kutishgan.

Dastlabki xabarlardan ayon bo‘lishicha, ularda pichoq va chopqidan tashqari, o‘tochar qurol ham bo‘lgan.

Ikkovlonni otib yaralagach, politsiya ularni hibsga olgan va kasalxonaga joylashtirgan.

Hodisa kuppa-kunduz kuni yuz bergan. Hujumga uchragan shaxsning 20 yoshlar atrofida ekani aytilmoqda.

Xabarlardan ma‘lum bo‘lishicha, uning ustida Help for Heroes ("Qahramonlarga yordam bering") harbiy xayriya jamg‘armasining maykasi bo‘lgan.

Shohidlar nima deydi?

Shohidlardan birining aytishicha, "ikkovlon o‘zlarini xuddi telbalardek tutishgan. Yo‘lkada yotgan jasadni sudrab kelib, yo‘lning o‘rtasida qoldirishgan".

Vulichdagi kuzatuv kameralarida muhrlanib qolgan kadrlarda qo‘lidagi qonga botgan pichog‘ini silkitgancha, islomiy shiorlarni aytib qichqirayotgan qora tanli shaxs aks etgan.

Jumladan, "Allohga qasam, biz sizga qarshi kurashdan to‘xtamaymiz", deydi u.

Guvohlarga ko‘ra, qurbonlarining jasadini yo‘l o‘rtasida qoldirgan hujumchilar yig‘ilganlar qarshisida o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishgan, yuz bergan hodisani tasvirga olishga undashgan.

Hujumchilardan biri esa, "Ular bizga qarshi qanday kurash olib borishayotgan bo‘lsa, biz ham ularga qarshi xuddi shunday kurash olib borishimiz kerak. Qonga qon, jonga jon", deydi.

"Voqeaga xotin-qizlar guvoh bo‘lishgani uchun uzr so‘rayman. Lekin bizning mamlakatimizda ham ular xuddi shunday hollarga shohid bo‘lishadi. Hukumatingizni o‘zgartiring, chunki u siz haqingizda qayg‘urmaydi", deya so‘zlarida davom etadi u.

Hujum sathidan esa, to‘pponcha doxil o‘tochar qurollar, pichoqlar va chopqi topilgan.

"Tez yordam" xodimlari esa, kelgunlaricha qurbonning hayotdan ko‘z yumgan bo‘lganini aytishmoqda.

Angliya Mudofaasi ligasi

Image caption "Angliya Mudofaa ligasi" tarafdorlari allaqachon Vulvich markazida namoyish ham uyushtirishgan

BBC siyosiy tahlilchisining aytishicha, agar hujum islomchilar ishi ekani tasdiqlansa, kuppa-kunduz kuni odamlar bilan gavjum joyda britan harbiysiga qarshi uyushtirilgan misli ko‘rilmagan voqea bo‘ladi.

Allaqachon Britaniyani islomiylashtirishga qarshi bo‘lgan "Angliya mudofaasi ligasi" norasmiy yoshlar tashkiloti Vulich markazida namoyish ham uyushtirgan.

Norozilik amaliyotida aksariyati yoshlardan iborat yuzga yaqin kishi ishtirok etgan.

Ehtimoliy tartibsizliklarning oldini olish uchun maxsus himoyalangan politsiya xodimlari safarbar etilishgan.

Britaniyalik taniqli imomlar vahshiyona qotillikni keskin qoralab chiqishgan va qotillarni Islom bilan bog‘lamaslikka da‘vat etishgan.