Tojikiston Bollivudga: "Filmlaringizni bizda oling"

Image caption Hindiston vitse-prezidenti ham tojik vazirining hamkorlikka oid taklifini Bollivud prodyusserlariga yetkazishga va‘da bergan

Tojikiston Bollivudga filmlarini o‘zlarida olish taklifi bilan chiqqan.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri yaqinda ushbu masalani Hindiston vitse-prezidenti bilan ham muhokama etgan.

Tojik tomoniga ko‘ra, tabiatlarining go‘zalligi Shveytsariyadan qolishmaydi va o‘z filmlarini Tojikistonda olish Bollivudga Ovro‘podagidan ko‘ra arzonroqqa tushadi.

O‘z navbatida, Hindiston vitse-prezidenti ham tojik vazirining hamkorlikka oid taklifini Bollivud prodyusserlariga yetkazishga va‘da bergan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Tojikiston uzoq tanaffusdan so‘ng yana boshqa davlat kinematograflari bilan aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqchi.

Tojikiston va Bollivud

Tojikistonda Hindiston, hind kino san‘atiga bo‘lgan qiziqish azal-azaldan o‘zgacha bo‘lib kelgan.

Hind filmlarining jozibador kuy-qo‘shiqlari, ko‘zni qamashtiruvchi liboslari yoshlar va mahalliy san‘atkorlar orasida juda ommabop.

Hind kino yulduzlarining akslari tushirilgan tasvirlar esa, gazeta do‘konlarining eng xaridorgir mollaridan biri.

Davlat televizion kanallari orqali tez-tez namoyish etib turiluvchi hind filmlari qanchalar mashhurligi bobida manaman degan Hollivud filmlarini ortda qoldirib ketadi.

Tojikistonlik san‘atshunoslar buning sirini ikki xalq madaniyatidagi ruhiy uyg‘unlikka bog‘lashadi.

Aftidan, tojikistonlik mas‘ullar ham xuddi ana shuni nazarda tutib, hindistonlik hamkasblariga filmlarini o‘z tabiatlari quchog‘ida olish taklifi bilan chiqishgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy ushbu masalani Hindiston vitse-prezidenti Muhammad Hamid Ansoriy bilan Dushanbeda bo‘lib o‘tgan muzokaralari chog‘ida ko‘targan.

Shveytsariyadan zarracha qolishmaydi

Image caption Tojik tomoniga ko‘ra, tabiatlarining go‘zalligi Shveytsariyadan qolishmaydi

Tojikiston Tashqi ishlar vazirining aytishicha, tabiati juda go‘zal ekanini nazarda tutib, hindistonlik kinematograflarni o‘z mamlakatlariga taklif etgan.

O‘z navbatida, Hindiston vitse-prezidenti ham tojik vazirining hamkorlikka oid taklifini Bollivud prodyusserlariga yetkazishga va‘da bergan.

"Tojikfilm" kinostudiyasi rahbari Nosir Saidovning ta‘kidlashicha, o‘z filmlarini Tojikistonda olish Bollivudga Ovro‘podagidan ko‘ra arzonroqqa tushadi.

Hindistonlik prodyusserlar hozirga qadar o‘z filmlarini Shveytsariyada tasvirga tushirishni ma‘qul ko‘rib kelishadi.

Davomiy beqarorliklar sabab, ular go‘zal Kashmirda ololmagan filmlarini Shveytsariyaning cho‘qqilari qorlarga burkangan Alp tog‘larida tasvirga tushirishadi.

Tojik tomonining o‘ylashicha, 93 foiz hududi tog‘lardan iborat Tojikistonning ko‘rkam tabiati Bollivudga juda mos keladi.

"Hindistonlik kinematograflar o‘z filmlarni Gollandiya, Shveytsariya va boshqa Ovro‘po davlatlarida olib kelishadi. Ammo iqlimi va tabiatining o‘ziga xosliklari bilan Tojikiston bunga juda mos keladi. Ustiga ustak, Tojikistonda millionlab hind kinosi muxlislari yashashadi", deydi Bi-bi-si bilan suhbatida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Abdulfayz Atoyev.

Hind tomoni esa, e‘tiborini eng avvalo Tojikistonda lozim infratuzilma, tasvirga oluvchi jihozlar va xos texnikaning bor-yo‘qligiga qaratmoqda.

Ijaraga kinostudiyamiz tayyor

Image caption "Tojikfilm" kinostudiyasidagilar esa, hindistonlik hamkasblarini qabul qilishga hozirdanoq tayyor ekanliklarini aytishmoqda

"Tojikfilm" kinostudiyasidagilar esa, hindistonlik hamkasblarini qabul qilishga hozirdanoq tayyor ekanliklarini aytishmoqda.

"Tojikistonning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda yilning to‘qqiz oyida kino olsangiz bo‘ladi. Tabiatining qanchalar go‘zalligini aytmaysizmi: Tog‘lar, vodiylar....Biz hozir uzoq tanaffusdan so‘ng boshqa davlat kinematograflari bilan yana aloqalarimizni yo‘lga qo‘yish va ularga o‘z imkoniyatlarimizni taklif etishga urinayapmiz. Masalaning texnik tomoniga kelsak, bu sohada ham allaqachon ishlar boshlab yuborilgan, ya‘ni zamonaviy jihozlar sotib olganmiz. Bundan tashqari, uni ijaraga olish va Tojikistonda turish boshqa Ovro‘po davlatlari bilan solishtirganda arzonroqqa tushadi", deydi kinostudiya rahbari Nosir Saidov.

Sobiq Sho‘rolar davrida Tojikistonda yil bo‘yi kino olingan.

Agar ta‘bir joiz bo‘lsa, shahar ichidagi shahar bo‘lgani uchun ham, o‘sha paytda "Tojikfilm" kinostudiyasiga, hatto, ruxsatnomasiz kirishga izn berilmagan.

Sho‘rolar Ittifoqi parchalanishi ortidan kino sanoati ham og‘ir kunlarni boshidan kechirdi.

Baxtiyor Xudoynazarov kabi tojikistonlik ko‘plab taniqli kinematografistlar mamlakatni tark etib, xorijiy davlatlarda ishlashga majbur bo‘lishdi.

Oddiy tojikistonliklar esa, kino olamining so‘nggi namunalaridan mamlakatga qaroqchilik yo‘li bilan keltirilgan videokassetalar va DVDlar orqali boxabar bo‘lishadi.

Sotuvchilar maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lganlarini mamlakatga olib kirish o‘zlariga qimmatga tushishini aytishadi.

Shu bois ham, sifatli filmni tomosha qilish noyob imkoniyat.

Tojikistonning ichki kino sanoatini rivojlantirishga esa, ko‘p yillar davomida davlat g‘aznasidan bir dollar ham ajratilmagan.

Aktyorlik ortiq obro‘ emas

Image caption Hind filmlarining jozibador kuy-qo‘shiqlari, ko‘zni qamashtiruvchi liboslari yoshlar va mahalliy san‘atkorlar orasida juda ommabop

Uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, "Tojikfilm" yana tojikcha filmlar ishlay boshlagan.

Ammo kino olish serxarj ish bo‘lgani uchun ham, faqat davlat buyurtmasi yoki homiylarning pullari asosida tasvirga olinadi.

San‘atkorlarga ko‘ra, homiylar ham osonlik bilan topilavermaydi.

Tojikistonlik aktyor yoki aktrisalar oyiga qariyb 80 AQSh dollariga teng miqdorda maosh olishadi. Shu bois ham, yoshlar orasida ushbu kasbni egallaymagan, deguvchilarining soni oz.

Biroq, "Tojikfilm" kinostudiyasi rahbari, kinorejissyor bo‘lgan Nosir Saidovning aytishicha, so‘nggi yillarda davlat tomonidan yana ko‘mak ola boshlashgan.

"Hammasini yo‘q yerdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, pardozchilar maktabimiz yo‘qligi bois, film olmoqchi bo‘lsak, ularni Erondan taklif qilamiz. Malakali kinematograflar tavsirga olish maydonchasining o‘zida bilmaganlarini o‘rganishadi. Yosh artistlar yetishmaydi. Bu ko‘plab omillar, jumladan, ijtimoiy faktorlarga ham bog‘liq", deydi u.

Tojikistonda ishlangan eng so‘nggi sifatli filmlardan biri esa, "Haqiqiy tush" filmi bo‘ldi.

Film davlat chegaralari bilan bir-biridan ayro tushgan qo‘shni davlatlar haqida.

Filmda asrlarosha yonma-yon yashagan ushbu davlatlarning yangi tartib-qoidalarga ko‘nikishlari qanchalik qiyin kechayotgani haqida so‘z boradi.

"Haqiqiy tush" filmiga ketgan sarf-xarajatlar esa, qariyb yarim million dollarni tashkil etadi.

Tojikiston sharoiti uchun bu aql bovar qilmas mablag‘, chunki o‘rtamiyona ishlangan bitta filmning xarajati nari borsa uch ming AQSh dollarigacha borishi mumkin.