Turkman qamoqxonasidagi Ozodlik muxbiri qo‘yib yuborilgan

Image caption Turkman militsiyasi jurnalistni nega ushlashgani sababini ochiqlamagan.

Turkmanistonda ikki hafta oldin hibsga olingan Ozodlik radiosi jurnalisti ozod qilingan.

Rovshan Yazmuhammedov sobiq Chorjo‘, hozirgi Turkmanobod shahrida 6-may kuni qo‘lga olingan edi.

Uni hibsda saqlagan militsiyaning aksilterror bo‘limi jurnalistni nega ushlashgani sabablarini ochiqlamagan.

Ozodlik radiosining Turkman xizmatida Rovshan Gariyev nomi bilan materiallar tayyorlagan jurnalist hibsga olinishi munosabati bilan xalqaro tashkilotlar xavotir bildirdilar.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Xalqaro Amnistiya, Human Rights Watch, ommaviy axborot vositalari xodimlarini muhofaza qiladigan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotlari va Ovro‘po Ittifoqi Rovshan Yazmuhamedovning ozod etilishini talab qildilar.

Hamkasbi bilan telefon orqali suhbatlashgan Ozodlik radiosi Turkman xizmati xodimlariga ko‘ra, Rovshan Yazmuhamedovning jismoniy ahvoli yaxshi tuyulgan, uning salomatligi joyida.

"Biz hamon nega uni hibsga olishganini bilmaymiz. Shuningdek, uni qanday shartlar bilan ozodlikka chiqarishganidan ham xabarimiz yo‘q. Bu kabi tafsilotlarni biz hali Ravshanning o‘zidan bilib olishimiz kerak. U endigina hibsdan chiqqan. Bizning tushunishimizcha, unga rasman biron ayb qo‘yishgani yo‘q", deb aytdi Ozodlik Turkman xizmati rahbari Tohir Muhammad.

Rovshan Yazmuhamedovni qo‘yib yuborish qaroriga Turkman hukumatining o‘zi kelganmi va yoki xalqaro hamjamiyat olib borgan kampaniya biron natija berganmi - aniq emas.

"Lekin o‘tmishda bizning muxbirlarimiz hibsga olingan chog‘lari xalqaro doiradagi talablar va kampaniyalar muayyan o‘rin tutgan. Lekin Rovshanning ozod etilishida aynan qaysi sabab birlamchi bo‘lgan - men hozir ayta olmayman", deb aytdi Tohir Muhammad.

O‘tmishda Ozodlik radiosining bir necha jurnalistlari Turkmanistonda tazyiq va hibslarga duch kelishgan.

Hatto 2006 yilda Turkman qamoqxonasida Ozodlik muxbiri O‘g‘ilsapar Muradovaning jasadi yaqinlariga qaytarilgandi.

Yaqinlari marhumaning bo‘yni va boshida jarohat izlari bo‘lganini aytganlar.