Obama uchuvchisiz uchoqlardan foydalanishni "adolatli" deb himoya qildi

Image caption Obama dron hujumlarini yoqladi

Prezident Obama dronlardan (uchuvchisiz uchoq) o‘z-o‘zini himoya qilish vositasi o‘laroq foydalanishni "adolatli" deya oqlagan.

Uning aytishicha, dron hujumlari kampaniyasi Amerikani xavfsizroq mamlakatga aylantirgan.

Maxfiylik pardasiga obdon o‘ralgan dron hujumlari haqida so‘zlar ekan, Obama janoblari, bu amaliyotlar chog‘ida tinch fuqarolar qurbon berilmasligi "qariyb aniq" bo‘lishi kerak deb aytgan.

Barak Obama shuningdek, to‘rt nafar Amerika fuqarolarini o‘ldirishda uchuvchisiz uchoq qo‘llanilganini ham himoya qilgan.

"Biz shunday bir tashkilot bilan urushga kirganmizki, agar ularni to‘xtatmasak, ular imkon qadar ko‘proq amerikaliklarni o‘ldirishadi", deb aytgan AQSh prezidenti Vashingtondagi Milliy Mudofaa universitetida chiqishida.

Inson huquqlari tashkilotlari anchadan beri dron uchoqlari hujumlarini qoralab kelishadi.

Amerikaning dron uchoqlariga doir yangi yo‘riqnomasida aytilishicha, Amerika harbiylari terrorchilikda gumon etilganlarni qo‘lga olishga harakat qilishadi va bu ustivor masaladir, ammo dron hujumlari Amerikaga "davomiy va aniq xavf" tug‘ilgan payti amalga oshiradi.

Image caption O‘IH rahbari ham dron hujumidan qurbon bo‘lgan edi

So‘nggi bir necha yil ichida Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlariga uyushtirilgan dron hujumlari oqibatida o‘nlab jangarilar qurbon etilgan.

Amerikaning uchuvchisiz uchoqlari hujumlaridan O‘zbekiston Islomiy Harakatining rahbarlari Tohir Yo‘ldosh va Usmon Odillar ham qurbon bo‘lishgani aytiladi.

Shu yil boshlarida ham AQSh uchuvchisiz uchoqlari Shimoliy Vaziristonning Mir Ali shaharchasidagi jangarilar boshpana topgan ikkita binoni nishonga olishgan edi.

Mahalliy rasmiylar ayni hujumlar oqibatida qurbonlar o‘zbek va pokistonlik jangchilar ekanini aytishgan.

Shimoliy Vaziriston ham Pokiston, ham Afg‘oniston hududlarida isyonkorlik hujumlarini uyushtirayotgan Tolibon boshpana topgan mintaqadir.

Yil boshida Tolibonning yuqori mansabli mulozimi Mullo Nazir ham AQSh droni hujumida halok bo‘lgandi.

Mullo Nazir bu hududlardagi O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilariga qarshi qo‘mondonlardan edi. Marhum jangari qo‘mondon Vaziriston shimolidagi o‘zbek, chechen, arab va boshqa xorijiy jangarilarni siqib chiqarishga intilgan.

AQShning dron hujumlari Vashington va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlarga soya solmoqda.

Pokistonga ko‘ra, dron uchoqlari ularning suverenitetiga daxl qilmoqda va begunoh tinch fuqarolar ham halok bo‘lishayapti.

Jangarilarga qaratilgan bu kabi dron hujumlarida yuzlab begunoh pokistonliklar ham halok bo‘lishmoqda.