"Islomchilar"ning oilalari: Jabr va haqorat ostidagi hayot

Image caption "Biz ekstremist emasmiz..."

So‘nggi yillar Tojikistonda islomchi guruhlar va tashkilotlarga a‘zo deb shubhalanganlar ustidan yopiq mahkama jarayonlari tez-tez o‘tadigan bo‘ldi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, bu kabi jarayonlar qonunchilikka zid kechadi va birdaniga ko‘plab ayblanuvchilar ustidan hukm o‘qiladi.

Ana shunday eng ko‘p ayblanuvchilar ishtirokida kechgan mahkamalardan birida taqiqlangan "Jamoati Tablig‘"ning 56 a‘zosi ustidan hukm o‘qilgandi. Bu 2009 yilda ro‘y bergan mahkama ishidan bir yil o‘tib Xo‘janddagi huquq-tartibot idorasiga hujumda ayblanib 53 kishi panjara ortida hozir bo‘lgandi.

Ikkala holatda ham ayblanuvchilar uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etildilar.

Bu kabi xabarlar ortida esa mahkum etilganlarning oilalari taqdiri bor… Odatda ular "parda ortida" qolib ketishadi.

Boquvchisiz qolgan oilalar

Ortda qolgan oilalarning taqdiri o‘ta ayanchlidir, deyishadi inson huquqlari faollari.

Ular huquq-tartibot idoralarining bosimi va nazorati ostida qolishadi.

Aksariyat boquvchisidan ayrilgan ayollar o‘z bolalari bilan qashshoqlikka mahkum etiladi.

Asli xo‘jandlik bo‘lgan besh farzandning onasi 38 yoshli Inobat Yoqubova hozir poytaxtda yashaydi.

Dushanbeda ijarada turadi.

U poytaxtga ko‘chishini eri Sharif Yoqubovga yaqinroq bo‘lish niyati bilan izohlaydi.

Sharif "Hizbut tahrir"ga a‘zoli uchun 23 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Inobat to‘rt oyda bir marta bolalari bilan erini ko‘rgani boradi.

2034 yilgacha qamoqqa hukm etilgan eri bilan hijron sal yengil bo‘ladimi deb u Dushanbega ko‘chib kelganini aytadi.

Biz Inobat bilan uchrashishni bir necha bor rejaladik, ammo rejalarimiz barbod bo‘laverdi…

Nihoyat uchrashdik… Inobat o‘z qo‘rquvlari haqida ochiq gapirmasa ham, u mudom bir hadik ostida ekanini sezish mumkin edi.

Men Inobatdan hech qanday siyosiy savollarni so‘ramaslikka va‘da berdim. Bu bilan u va qamoqdagi Sharif taqdiri yana ham yomonlashmasin degan istiholada edik…

"Mening erim rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi…Aspirantlikni tugatgan. Maktabda dars berar edi. Biznesi bor edi. U dunyoviy bir inson, dindan yiroq edi…Ichib turardi. Ammo men tanimaydigan bir do‘sti bilan uchrashganidan keyin u o‘zgarib ketdi. U ochiqdan ochiq "Hizbut Tahrir" a‘zosi ekanini tan oldi", deb xotirlaydi Inobat.

Inobatga ko‘ra, eri yaxshi tomonga o‘zgargan. Ichishni tashlagan, namozini o‘qiy boshlagan, ota-onasiga mehribonroq bo‘lgan va oila uchun ko‘proq vaqt ajrata boshlagan.

"U menga nihoyat bir umr izlagan yo‘lini topganini aytdi. Allohga e‘tiqod qilish hayotining mazmuniga aylandi. Men ham o‘ylab o‘tirmasdan, ikkilanmasdan uning aytganlarini qabul qildim. Ammo biz hech qachon ekstremistik faoliyat yuritmaganmiz, xorijdan pul olmaganmiz, doim kamtarona yashaganmiz".

Inobatning so‘zlariga qaraganda, u o‘z eri va do‘stlarining diniy faoliyatlari haqida ko‘p narsa bilmaydi.

Turmushga chiqqanidan keyin u asosan ro‘zg‘or va bolalar tarbiyasi bilan band bo‘lgan.

"Go‘dagim ko‘z o‘ngida kaltaklashdi"

Image caption Musulmonlarni ijtimoiy haqsizlik radikallashtirmoqda

Inobatga ko‘ra, huquq-tartibot xodimlari uni muttasiz nazorat qilishadi.

"Agar ular qayerdadir qanaqadir varaqa topishsa, birinchi bo‘lib bizdan shubha qilishadi. Bir kuni meni huquq-tartibot idorasiga olib borishdi. Mendan faollarning ism-shariflarini aytishni talab qilishdi. Ammo hech narsa bilmasdim men… Ular meni urishdi, tepishdi, elektr toki bilan qiynashdi…Haqorat qildilar. Keyin tashqariga olib chiqib daraxtga bog‘lab qo‘yishdi. Ustimdan sovuq suv quydilar. Suv tanamda muzlab qolardi…Fevral oyi edi. Men qo‘rquv va og‘riqqa chidolmay ularning hamma aytganlarini tan oldim. O‘zi bo‘lmagan odamlarning nomlarini aytdim. Yo‘q manzillarni aytdim. Eng qo‘rqinchlisi bularning barini ular uch yashar qizimning ko‘z o‘nggida qilishdi", deydi Inobat Yoqubova.

Jinoiy ishlarga qaraydigan bo‘lsangiz, aksariyat fuqarolar buya shirin tashkilotga ko‘ngilli bo‘lib kirishadi va keyin varaqalar tarqatib, yangi a‘zolarni yollay boshlashadi.

"Hizbut Tahrir"ning kichikroq guruhlari kim rahbar va yana kim oddiy a‘zo ekani haqida hech narsa bilishmaydi.

Katta bir tarmoq kichik guruhlarga bo‘lingan va ular orasida aloqa yo‘qligi aytiladi.

Qo‘lga tushgan a‘zolar esa faqat o‘zlari shaxsan tanigan bir necha kishining nomini aytishi mumkin, xolos.

Asli kasbi hamshiralik bo‘lgan Inobat hozir bozorda savdo qilib kun kechiradi.

Kuniga 15-20 dollar atrofida pul topadi.

Bu faqat kundalik xarajatlarga yetarli mablag‘dir.

Erining qarindoshlari unga yordam berib turishadi.

"Bizning hayotimiz jabr va haqoratlar ostida o‘tmoqda…Erlarimiz qamoqda, bolalar otasiz ulg‘ayishmoqda, biz qanday qilib ro‘zg‘or tebratsak ekan deb jonimiz halakda…Uyda nima yeymiz? Dori darmonni qaysi pulga olamiz? Erlarimizga nima olib boramiz? Aksariyat qarzga umrguzaronlik qilmoqda", deydi Inobat.

Yakkalanganlar

Image caption Shuhrat Qodirov: "Hech kimi yo‘qlar uzoq muddatga hukm qilinadi odatda..."

Hukumatning o‘z fuqarolarini nazorat qilaman deya qo‘ygan qadamlari, qaytaga o‘rtaga ziddiyat solmoqda, deydi Dushanbedagi masjidlarga ibodat uchun kelganlardan biri.

Uning akasi o‘tgan yili "Salafiya" guruhiga a‘zolik ayblari bilan hibsga olingan ekan.

U o‘z akasini dastaklamasligini aytadi, ammo shunda ham huquq-tartibot xodimlarining ta‘qibidan cho‘chiydi.

Uning nazarida, jamiyatda radikallashuvning asosiy sababi ishsizlik va ijtimoiy haqsizlikdir.

Mutaxassislarga ko‘ra, radikallashayotganlar orasida o‘ziga to‘q oila farzandlari va yo hatto ishbilarmonlar ham bor.

Ular keng ildiz otgan poraxo‘rlik va ma‘muriy to‘siqlarga qasdma-qasd bu guruhlarga qo‘shiladilar va yo homiylarga aylanishadi.

"Agar qonunbuzarlikni biror mulozimning qarindoshi qiladigan bo‘lsa, unda unga eng yengil jazo beriladi. Ozod qilishga harakat qilishadi. Ammo agar hech qanday tanishi yo‘q bir kishi jinoyatga qo‘l ursa, unga eng uzoq jazo muddati belgilanadi", deydi advokat Shuhrat Qudratov.

Aks ta‘sir

Image caption Yaqinlari qamoqda qolayotgan ayollar

Shuhrat Qodirov diniy ayblovlar bilan qamoqqa tashlanganlarning birortasi oqlanib chiqqani haqida mahkama qarorini eslay olmasligini aytadi.

Tojikistonda o‘nlab diniy guruhlar, oqimlar va tashkilotlar qonundan tashqarida deb e‘lon qilingan.

Ular orasida "Hizbut Tahrir", "Salafiya" va O‘zbekiston Islomiy Harakati bor.

Markaziy Osiyo davlatlarining hukumatlari diniy radikal guruhlarning faollashuvidan xavotirda ekanlarini urg‘ulab kelishadi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda yuzlab odamlar turfa diniy tashkilotlarga a‘zolik ayblari zindonband etiladi.

Mutaxasislar qamoqdan qaytaga ko‘proq Islomchilar chiqib kelishayotganini aytishadi.

Radikal deb qaraladigan shaxslar boshqa aristonlarni ham o‘z aqidalariga og‘dirib olayotgani aytiladi.

Aksariyat mutaxasislar Tojikistonda radikal guruhlarning ta‘siri ayniqsa yoshlar orasida kuchayib borishini aytishadi

Hukumatning qattiqqo‘l va kuch ishlatish yo‘li bilan munosabati esa vaziyatni yana ham keskinlashtirmoqda.