Taniqli o‘zbek adibi O‘tkir Hoshimov vafot etdi

Image caption O‘tkir Hoshimov zamonaviy o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri edi

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov 71 yoshida olamdan o‘tgan.

Yaqinlariga ko‘ra, taniqli yozuvchi bugun Toshkentdagi Do‘mbirobod qabristonida tuproqqa topshiriladi.

1941 yilning 5 avgustida Toshkent shahrida tug‘ilgan O‘tkir Hoshimov Tosh Davlat Universitetining filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limini tugatgan.

Yozuvchining "Po‘lat chavandoz" nomli ocherklardan iborat ilk kitobi 1962 yilda nashr etilgan.

O‘tkir Hoshimovning "Cho‘l havosi" nomli ilk nasriy asari bir yil o‘tib chop etildi.

Uning shuningdek "Odamlar nima derkin", "Shamol esaveradi", "Qalbingga quloq sol", "Bahor qaytmaydi", "Dunyoning ishlari" kabi qissalari hamda "Nur borki, soya bor", "Ikki eshik orasi" va "Tushda kechgan umrlar" romanlari nashr etilgan.

O‘tkir Hoshimovning "To‘ylar muborak", "Hazon bo‘lgan bahor" asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan.

Yozuvchi o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti hamda "Mehnat shuhrati" va "Buyuk xizmatlari uchun" ordenlariga loyiq deb topilgan.

O‘tkir Hoshimov Ernest Heminguyey, Konstantin Simonov kabi adiblar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

"Ijodkor 80-yillar publitsistikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan biridir. Uning odob-axloq, ma‘naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va teleko‘rsatuvlari bu davrning barkamol mevalaridir," - deyiladi e-adabiyotuz web sahifasida.

O‘tkir Hoshimov "Dunyoning ishlari" qissasi uchun Oybek nomidagi hamda "Ikki eshik orasi" romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor deb topilgan.

BBC adib yaqinlariga ta‘ziya izhor etadi.