"O‘rta Osiyo borsak o‘lmaymiz, u yerda bizdek musulmonlar bor"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image caption Qrim tatarlari hamon ota-bobolari haydab chiqarilgan uy-joylarini qaytarib olisholmagan

"Poyezd to‘xtamas, uyatning zo‘ridan erkaklar oldida hojatini chiqarolmagan musulmon qizlar va ayollar, dimiqqan keksalar va och-nahor bolalar yo‘lda o‘lishardi" - eslaydi qrim tatar ayoli.

"Mayitlarni kim va qachon ko‘madi, ba‘zida odamlar jigargo‘shalari jasadini ketayotgan poyezddan tashlab yuborishsa, ba‘zan to‘xtagan stantsiyada noma‘lum ishchilarga topshirishardi".

1944 mayida Qrim tatarlarining bir kechada uy-joylari va vatanlaridan badarg‘a qilinganini omon qolganlar ana shunday eslashadi.

Stalin boshchiligidagi Sovet Ititfoqi o‘shanda qofqozlik chechenlar, ingushlar, mesxeti turklari va uzoq sharqlik koreyslar kabi Qrim tatarlarini ham yuk poyezdlariga solib, Markaziy Osiyoga jo‘natadi.

Qrim tatarlarini guyo nemis fashistlari bilan hamkorlikda ayblashadi va aksariyat O‘zbekistonga yuboriladi.

Yo‘ldagi qiyinchiliklar va yangi joydagi sharoitlarga ko‘nikolmagan minglab tatarlar olamdan o‘tishadi.

"O‘zbekistonga kelgach ham ko‘pchilik tatarlar ochlik va turli kasalliklardan nobud bo‘lishdi" - degandi qashqadaryoli keksa onaxon - "Yonimizdagi bo‘sh uyga joylashtirilgan tatar oilasining olti qizidan beshtasi olamdan o‘tgandi".

Sovet Ititfoqi Qrim tatarlari nomini qora qilishga qattiq harakat qilib kelgan. Biroq bu xalq nihoyat vatanga qaytishga musharraf bo‘ldi.

Ammo hamon ko‘pchilikning Qrimdagi sharoitlari aftodahol.

Tatarlar o‘zlari haydab chiqarilgan uylarini qaytarib olisholmagan. Dengiz bo‘yidagi jannatmakon go‘shalarda bugun aksar ruslar istiqomat qilishadi.

O‘zbekistondan borgan tatarlar esa cho‘l va qaqragan mintaqalardan yer olishgan. Biroq qator tatarlar Qrimga qaytib borishmadi.

Hali 9 yashar qizaloqlik payti O‘zbekistonning Shahrisabz shahriga o‘z oilasi bilan birga badarg‘a qilingan Maryam-opa ota-onasi va aka-opalarining O‘zbekistondagi qabrini "behurmat qilib", Qrimga ketishdan bosh tortgandi.

Maryam opa umrining so‘nggi yillarini O‘zbekistonda o‘tkazgan va hozir uning qabri ham Shahrisabzdagi yaqinlari yonida.

BBC O‘zbek Xizmati xodimi Rustam Qobil Maryam-opa tirikligida uning bolalik xotiralarini yozib olgan edi.