BBC mehmoni "Birlik" raisi o‘rinbosari Po‘lat Oxunga savol bering

Image caption Po‘lat Oxun xorijdagi O‘zbek muxolifatchilari orasida ilk bor vatanga qaytish tashabbusi bilan chiqqan.

Yaqinda "Fergana.ru" web-sahifasida muxolifatdagi "Birlik" Xalq Harakati partiyasi" raisi o‘rinbosari Po‘lat Oxunning O‘zbekistondagi hokimiyat almashishiga bag‘ishlangan yangi maqolasi e‘lon qilindi.

Bundan oldin uning ikki tahliliy maqolasi chop etilgan edi.

So‘nggi maqolasida Po‘lat Oxunning yozishicha, O‘zbekistondagi iqtisodiy va siyosiy hayot Islom Karimovning uzoq davom etgan yakkahukmronligi tufayli to‘xtab qolgan.

Po‘lat Oxun 1962 yilning 12 martida Andijon viloyatining Shahrixon shahrida tug‘ilgan. 1969-79 yillarda o‘rta maktabda, 1979-84 yillarda Andijon Davlat Pedagogika institutining kimyo va biologiya yo‘nalishida tahsil olgan.

1989-1991 yillari SSSR Xalq deputati, 1991 yilning sentyabridan SSSR Oliy Soveti deputati. SSSR Oliy Sovetinining "1991 yil 18 avgustdagi davlat to‘ntarish voqealarnini tekshirish komissiyasi a‘zosi".

Shuningdek, taniqli dissident Andrey Saxarov va Boris Yeltsin rahbarlik qilgan deputatlik guruhi a‘zosi o‘laroq siyosiy faoliyatini boshlagan Po‘lat Oxun O‘zbekistondagi ilk milliy ozodlik harakati - Birlik Xalq Harakati asoschilaridan biridir.

1992 yilda hibsga olinib siyosiy ayblovlar bilan qamalgan. Xalqaro jamoatchilik va G‘arb davlatlarining bosimi bilan 1994 yili qamoqdan ozod qilingan.

Po‘lat Oxun O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi va mamlakatda demokratik qadriyatlar rivoji uchun kurashgan shaxslardan biridir. Xususan, u o‘zbek xalqinining ilk milliy ozodlik harakati bo‘lmish "Birlik" saflarida bo‘ldi. SSSR Oliy Soveti deputati o‘laroq, Ittifoq darajasida milliy manfaatlarni himoya qilishga urindi.

1995 yildan buyon Shvetsiya Qirolligi bergan boshpana evaziga mazkur mamlakatda istiqomat qiladi.

Po‘lat Oxun 2002 yilda xorijdagi O‘zbek muxolifatchilari orasida ilk bor vatanga qaytish tashabbusi bilan chiqqan, demokratik G‘arb bilan siyosiy integratsiya tufayli yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, demokratik muxolifat faoliyatini jonlantirish, uni birlashtirish borasida sa‘y-harakatlar boshlagan. U muxolifatning "Davra kengashi"ni tashkil etgan.

2005 yilda Andijon voqealari tufayli mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy tarang vaziyat Po‘lat Oxunga nisbatan ham repressiyalarning kuchayishiga olib keldi. Xususan, uning fuqarolik pasportidan mahrum qilinishi, o‘zining majburiy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborilishi shular jumlasidandir.

Po‘lat Oxun jamoatchilikka o‘tkir siyosiy tanqidiy chiqishlari, O‘zbekistondagi vaziyatga doir siyosiy tahlillari bilan tanilgan. "Birlik" partiyasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi.

Shvetsiyada istiqomat qiladi, 5 nafar farzandi bor.

BBC mehmoni Po‘lat Oxunga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.