Rossiya sahnasida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari

Image caption Har bir mehnat muhojirining turfa taqdiri, mashaqqatli hayoti va achchiq saboqlari bor.

Kecha Moskva teatrlarining birida yangi spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek muhojirlari bosh rollarda Moskva teatri sahnasiga chiqishdi.

"Oqin opera-2" deb nomlangan mazkur xujjatli spektaklning muqobil nomi "Muhojirlar haqida ballada" deyildi. Unda Rossiya poytaxtidagi mehnat muhojirlarining turfa taqdirlari, muhojirlikning mashaqqatli hayoti va achchiq saboqlari voqea qahramonlarning o‘z tilidan bayon etildi.

"Mehnat muhojirlari mavzusi bilan bir yarim yildan beri qiziqib qoldim. Bu mavzuga ikkinchi bor murojaat qilayapmiz, - deydi loyiha rahbari Vsevolod Lisovskiy. O‘tgan yilning sentyabr oyida tojikistonlik san‘atkorlarning muhojirotdagi qismatlarini yoritgan edik. Bu galgi bosh qahramonlarimiz o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridir" .

Uning aytishicha, o‘zbek aktyorlarini topish ijodiy jamoaga oson bo‘lmagan. Ular tanish mehnat muhojirlari orqali Markaziy osiyolik muhojirlar ishlayotgan ko‘pgina joylarda bo‘lishga to‘g‘ri kelgan. Nihoyat, asl kasbi san‘atkor bo‘lgan mehnat muhojirlari ular qurilishlardan topildi.

Xujjatli spektaklning bosh qahramonlaridan biri nukuslik Omon Karomatdinovning asli kasbi xoreograf.

- Men omadsiz va baxtsiz insonman, deya hikoyasini boshladi quruvchilik qilayotgan san‘atkor. – O‘z yurtiga kerak bo‘lmagan mutaxassisni boshqacha qanday atash mumkin?!...

Nukuslik Omon Karomatdinov muhojirlikdagi achchiq qismati haqida hikoya qilarkan, tomoshabinlarning ko‘ziga yosh qalqdi. Hamma birdek achindi, dardini tushundi. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, asl kasbidan uzoqlashmaslikka intilayotgan Omon aka:

- Bu yil "Lujniki"dagi Navro‘z bayrami tantanasida katta sahnaga chiqdim. O‘zbek raqsi bilan minglab tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldim. Demak, men omadsiz, baxtsiz emasman, deya yana o‘zini ovutdi.

Voqealar orasida Omon Karomatdinov ijro etgan "Andijon polkasi" raqsi tomoshabinlarni to‘lqinlantirib yubordi.

Anvar Yusupov esa farg‘onalik, u aynan muhojirlik sabab shaxsiy hayotida sodir bo‘lgan barcha murakkabliklarni ochib berishga harakat qildi.

- Muhojirlik sabab shaxsiy hayotim izdan chiqib ketdi. Ayni paytda Qo‘qonda ikkita xotinim bo‘lish bilan birga bu yerda uchinchi xotinim bilan yashayapman, - deya hikoyasini tugatdi Anvar.

Shuningdek, spektaklda qrimlik mehnat muhojirining boshidan kechirgan voqealari, Rossiyada mehnat muhojirlari uchun tashkil etilgan kasaba uyushmasi rahbarining o‘yu kechinmalari sahnaga olib chiqildi.

Spektakl davomida sahnaga o‘rnatilgan monitorda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hayotidan olingan lavhalar uzluksiz namoyish etib turildi. Shuningdek, voqealar bayoni paytlarida Artyom ismli yigit ijrosidagi tanbur navolari sahna ko‘rinishlariga sharqona ruh bag‘ishladi.

Bizning milliy cholg‘u asbobimizni chalishni kimdan o‘rganganligi haqidagi savolimizga "Hech kimdan, o‘zimcha o‘rganganman" , deya javob berdi kulib Artyom. Tanburning ohangi juda sehrli, deydi u.

Rejissyor V. Lisovskiy ham o‘z ijodiy guruhi bilan birga bu mavzuni davom ettirishini bildirdi.

- Muhojirlarni o‘z iste‘dodlarini namoyish etishga imkon bermoqchimiz, - deya kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlashdi loyiha rahbari. – Loyihamiz shunisi bilan e‘tiborliki, har gal qahramonlarimiz o‘zgaraveradi, ular o‘z tarixlarini hikoya qilishadi. Har gal yangi qahramon, yangi voqealar... Keyingi qahramonlarimiz qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari bo‘ladi. Hattoki, kamerunliklar ham sahnamizga chiqadi".

Spektakl so‘nggida tomoshabinlar fikri bilan qiziqdim.

- Oddiy gastarbayterni ichida shuncha dard, shunchalik iste‘dodi bo‘lishi mumkinligi hayolimga ham kelmagan ekan! – dedi o‘zini Jenya deb tanishtirgan tomoshabin.

Xujjatli spektakl va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ijrosi yig‘ilganlarga ma‘qul bo‘ldi, bu davomli olqishlarda yaqqol ko‘rindi.

Menimcha, V. Lisovskiy boshlagan ish keng targ‘ib qilinsa, nafaqat mehnat muhojirlari uchun o‘zini namoyon etish minbari, balki Rossiyadagi mavjud millatlararo kelishmovchiliklarning ancha barham berilishiga sabab bo‘lar edi...