MDHning beshta aviashirkati dunyodagi "eng noqulay"lar ro‘yxatida

Image caption Aviashirkatlar reytingi yo‘lovchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovga binoan tuzilgan.

Dam olish mavsumi oldidan Amerikaning Business Insider tahliliy portali jahondagi eng yomon aviashirkatlar ro‘yxatini tuzishga qaror qilgan.

Ro‘yxatga Skytrax aviaxizmati mutaxassisining bergan ma‘lumotlari asos qilib olinib, ekonomklass yo‘lovchilari fikrlari asosida tuzilgan.

Aviashirkatlar asosan qulaylik, tozalik, salonning umumiy ahvoli, beriladigan ovqat sifati, styuardessalarning xushmuomaligi va e‘tiborligi, ingliz tilini qanchalik bilishi va boshqa shartlar bo‘yicha baholangan.

Ro‘yxatni boshlab bergan "Turkmaniston havo yo‘llari" (Turkmenistan Airlines) Skytraxning past bahosiga "o‘rindiqlarning noqulayligi", "xizmat ko‘rsatishning sifatsizligi", "salondagi xodimlarining ingliz tilini yetarli bilmasligi" va "xushmuomalalik talablariga javob bermagani" uchun loyiq ko‘rilgan. Shuningdek shirkatning ro‘yxatga olish tizimi ham tanqid qilingan.

"Ukraina Xalqaro havo yo‘llari" (Ukraine International Airlines) ro‘yxatda Sudan davlatidan keyin uchinchi o‘rinda. Yo‘lovchilar aviashirkatning o‘rindiqlari, ko‘ngilochar vositalari va ovqat sifatidan qoniqishmas ekan.

"O‘zbekiston Havo yo‘llari" (Uzbekistan Airways) esa 1 ball bilan to‘rtinchi o‘ringa munosib ko‘rilibdi. Bunga reyslarga ro‘yxatga olishning noqulayligi, xodimlarning muomalasi, ovqat sifati va yostiqchalarning yetishmasligi sabab bo‘lgan.

Koreya va Bolgariya aviashirkatlaridan keyingi o‘ringa qo‘yilgan "Rossiya" aviashirkatidan foydalanuvchilarni xodimlar muomalasi va bolalar bilan uchishga noqulaylik norozi qilibdi.

"Tojikiston Havo yo‘llari" ham salondagi noqulayliklar va xodimlarning xizmati pastligi sababli ushbu ro‘yxatning 9-o‘rinini egallagan.

Ro‘yxatda shuningdek, Ispaniya va Suriya aviashirkati ham bor. Ovro‘po Ittifoqining sanktsiyalari tufayli bir paytlar xizmat sifati maqtalgan Suriya aviashirkatidan foydalanuvchilar keskin qisqargan.

Eng yaxshi shirkatlar uchligiga esa Singapore Airlines, Malaysia Airlines va Virgin America kiritilgan.

Eng yaxshi yigirmalik orasida Qozog‘istonning Air Astana shirkati bor.

Yo‘lovchilar qulay o‘rindiq, mazali ovqat, toza salon va yaxshi ko‘ngilochar vositalari mavjud aviashirkatlarni yuqori o‘rinlarga qo‘yishgan.

Shuningdek reyslarning o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatmasligi ham "eng yomon"lar ro‘yxatiga kirib qolishga sabab bo‘lgan.