"Britaniya harbiylari 85 afg‘onni noqonuniy ushlab turibdi"

Image caption Harbiy qonunlarga binoan gumondorlar 96 soat davomida ushlab turilishi kerak.

Bir guruh yuristlar Afg‘onistonning Helmand viloyatida 85 ta mahalliy fuqaroni maxfiy binoda noqonuniy ushlab turgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Ularning aytishicha, Afg‘oniston hukumati bu hibs haqida hech qanday ma‘lumotga ega emas.

Himoyachilardan birining so‘ziga ko‘ra, ushbu harakatning qanchalik qonuniyligini aniqlashtirishni so‘rab Londondagi Oliy mahkamaga murojaat qilingan.

Britaniya Mudofaa vazirligi matbuot voizining ta‘kidlashicha, Helmanddagi Kemp-Bastion bazasida xalqaro askarlarni o‘ldirganlik va hujum qilganlikda gumon qilingan jinoyatchilar saqlanadi.

Ayni paytda Britaniya Mudofaa vaziri Filip Xemmond Kemp-Bastionda 80 dan 90 tagacha afg‘onlar jangarilar bilan aloqadorlik va terroristik faoliyatda gumonlanib ushlab turilganini tasdiqlagan.

Janob Hemmond hibslar BMT mandatiga to‘g‘ri keladigan qonuniy ekanini, shuningdek hibsdagilarni ozod qilish Afg‘onistondagi Britaniya kuchlariga katta xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.

Yuristlarning surishtiruvlariga ko‘ra, Helmand va Qandahor qishloqlarida o‘tkazilgan reydlar davomida hibsga olingan gumondorlar sakkiz oydan 14 oygacha hech bir ayblovlarsiz ushlab turilibdi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi shariflari aytilmagan huquqbonlar Britaniya hibsdagilarni ozod qilishi kerakligi, ularni ushlab turish noqonuniyligini ta‘kidlashgan.

Xalqaro kuchlar tarkibidagi armiya harbiy qonunlarga binoan gumondorlarni 96 soat davomida ushlab turish huquqiga ega.

Ba‘zi holatlarda xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘proq ma‘lumot to‘plash uchun uzoqroq ushlab turishlariga ruxsat beriladi.

Britaniya kuchlariga qarashli Kemp Bastion Helmand viloyatida, sahroning qoq o‘rtasida joylashgan baza bo‘lib, u qattiq qo‘riqlanadigan inshoot hisoblanadi.

Kemp Bastionda qariiyb 30 ming harbiy uchun sharoit mavjudligi aytiladi.