Moskva meri: "Aralashmagan muhojirlar ortga qaytsin"

Image caption Moskva meri Sergey Sobyanin aralashmagan muhojirlarga chiqish yo‘lini ko‘rsatmoqchi

"Moskva ko‘p millatli shahar bo‘lib qolishi kerak" - degan "Moskovskiye novosti" gazetasidagi suhbatida Moskva meri Sergey Sobyanin - "Ammo integratsiyaga kirishmagan muhojirlar ortga, o‘z yurtlariga qaytib ketishlari lozim".

Janob Sobyaninning ushbu fikri Rossiyadagi muhojirlar bobida qiziyotgan bahsu munozaralarning so‘nggisidir.

Hozir aksar Markaziy Osiyodan kelgan 10 millionga yaqin muhojir Rossiyada yashab, ishlamoqda. Ularning qariyb uchdan bir qismi esa Moskvada.

Shu bois muhojirlar poytaxtda yaqqqolroq ko‘zga tashlanadi. Bu esa mahalliy aholida aksilmuhojir kayfiyatlarini kuchaytirmoqda.

Boshqa tomondan, mahalliy moskvaliklar bajarishni istamagan farroshlik yo hammollik kabi og‘ir ishlarni ham muhojirlar, xususan, o‘zbeklar qilishmoqda. Chunki O‘zbekiston davlati qayg‘urmaydigan o‘zbeklar Rossiyadagi eng huquqsiz jamoa sanaladi.

O‘z hukumatlari sa‘y-harakatlari tufayli Rossiyada anchayin ko‘proq haq-huquqqa ega muhojirlar - qirg‘izlar va tojiklar esa ko‘pincha do‘konlarda hamda oshxonayu qahvaxonalarda ishlaydilar.

Ko‘chadagi ruslar ko‘ziga esa aynan ana shu o‘zbek farroshlari va hammollari tashlanadi.

Moskvadagi "Sova" axborot markazidan Aleksandr Verxovskiyga ko‘ra, bir qism mahalliy aholi bu muhojirlarning o‘zlari bilan aralashib ketishini istashmaydi.

"Avvalo bu muhojirlarning integratsiyalashuvi uchun imkoniyat yaratish darkor" - deydi Aleksandr Verxovskiy - "Shundan keyin natijalar qanday bo‘lishini ko‘rish kerak".

Moskva hokimi muayyan millat vakillari to‘planib yashaydigan mavzelarni gettolarga qiyoslaydi va muhojirlarning bu taxlit umrguzaronlik qilishiga qarshiligini aytadi.

"Bunday mavezalar yuzaga kelgani haqida menga ma‘lum emas" - deydi "Sova" vakili - "Ammo yuzaga kelish ehtimoli yo‘q emas".

Kulbadan integratsiya kutma

Ayni damda, Rossiyaga ishga kelayotgan muhojirlarning aksarisi doimiy yashab qolishni emas, balki bir muddat pul ishlab, vataniga qaytib ketishni istashadi.

Image caption Barcha ruslar ham farroshlik yo hammollik qilayotgan muhojirlarning o‘zlari bilan aralashib ketishini istashmaydi

Mutaxassislarga ko‘ra, qisqa vaqtga kelgan muhojirlarni jamiyatga integratsiya qilib bo‘lmaydi.

Ayni damda, integratsiya deganda ko‘pchilik rus tilini bilishni va yirik shahar qonun-qoidalariga mos yashashni ham qayd etishadi.

Mutaxassislarga ko‘ra, so‘nggi yillari kelayotgan yosh muhojirlar ruschani bilishmaydi, qishloqlardan kelganlar esa katta shaharda yashab ketishga qiynalishadi.

Til bilmagan va qonun-qoidalardan bexabar huquqsiz muhojirlar esa ko‘p hollarda ekspluatatsiya qilinmoqda.

"Kelayotgan aksar muhojirlar mehnat shartnomasiga ega emas, ijtimoiy sug‘urtasi yo‘q" - deydi Aleksandr Verxovskiy - "Qayerda ishlasalar , o‘sha yerda yashab, kun kechirishyapti. Juda kam haq olishyapti, ba‘zida umuman olishmaydi".

"Bu kabi muhojirlardan turli jinoiiy guruhlar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqdalar".

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiya jamiyatida shu asno parallel hayotda, butkul o‘zgacha, huquqsizlik sharoitida yashayotgan jamoa paydo bo‘lmoqda.

"Agar Rossiya bu jamoani o‘ziga integratsiya bo‘lishini istasa, ular uchun risoladagidek sharoit yaratilishi kerak" - deydi "Sova" vakili - "Aks holda, kulbada yashab yurgan odamdan qanaqa integratsiya kutasan?"