"Shilqim mulla jazolansin"

Image caption Muhammad Dovud ayollarning ishlashini inson savdosiga ham tenglashtirgan

Abdullo Muhammad Dovud Twitter ijtimoiy-muloqot tarmog‘ida yakshanba kuni "ayol kassirlarga jinsiy tegajoqlik qiling" deb arab tilida ochiq yozgan edi.

Mullaning bu tarmoqda qariyb 100 ming tarafdori bor. Shu asno u o‘n minglab tarafdorlarini ayollarning ishlashiga qarshi otlantirishga uringan.

Yaqinda Saudiya Arabistonida ayollarning jamoat joylarida, xususan, do‘konlarda ishlashiga ruxsat berilgandi.

Biroq bu qadam an‘anador diniy doiralar noroziligiga yetaklagandi. Mulla Muhammad Dovud ham shulardan biri edi.

Ammo uning Twitter tarmog‘idagi chaqirig‘i yuzlab saudiyaliklarni g‘azablantirmoqda. Ular "ayollarni ishlashdan to‘xtatishga qanday haqqing bor?" va yoki "bu bilan jinsiy zo‘ravonlikni targ‘ib qilayapsan" degan fikrlarni yozishmoqda.

Mullaning fikricha, bu ayollarni peshtaxta ortiga turg‘azib qo‘yish, tijoratni yuritish va xaridor jalb etish yo‘lida ayollardan foydalanishni anglatadi.

Shu bois, mullaning mavqeini qo‘llayotganlar ham bor. Ularga ko‘ra, Muhammad Dovud mamlakatning o‘ta an‘anador islomiy qiyofasini saqlab qolishga intilgan, xolos.

Lekin mullaga eng ko‘p qarshi gapirayotganlar bu saudiyalik xotin-qizlardir.

Mulla Dovud ilgari ham ziddiyatli fikrlarga sabab bo‘lmagan. Masalan, yosh bolalarga bachabozlar tegajoqlik qilmasligi uchun go‘daklarning yuzini chachvon bilan to‘sish kerak, deb chiqqandi.

Qizig‘i shundaki, Mulla Dovud Twitter tarmog‘idan foydalanmoqda. Saudiya an‘anador doiralari esa hali yaqinginada ham bu tarmoq saudiyalik yoshlar tarbiyasini buzayotgani haqida aytib chiqishgandi.