Suriya: "Rossiyadan qurol keldi"

Image caption Rossiyadan kelgan zamonaviy qurollar Suriya urushida hukumat foydasiga burilish yasashi mumkin

"Suriya Rossiyaning S300 rusumli mudofaa raketalarining ilk qismini qabul qilib oldi" - deb Prezident Assaddan iqtibos keltiradi Livandagi "Al-Manar" telekanali - "Tez orada yana qo‘shimcha qurol-aslaha keladi".

Hizbullo shia jangari guruhiga aloqador "Al-Manar" telekanali o‘zi ham shia alaviysi bo‘lgan Prezident Assad uchun o‘z bayonotini izhor etadigan chetdagi bir minbar vazifasini o‘tamoqda.

Ayni damda, mazhabdosh Assadni qo‘llash uchun Hizbullo shialar guruhi Suriyaga sizib kirib, urushayotgani aytiladi.

Janob Assad endilikda ko‘pchilik sunniylardan iborat aksilhukumat isyonkorlariga qarshi qo‘llarida yetarli qurollari bo‘lishiga ishora qilmoqda.

Ovro‘po Ittifoq Suriyaga qurol berishni taqiqlovchi jazo choralari muddatini uzaytirmaslikka qaror qilarkan, Rossiya birinchi bo‘lib bu imkoniyatdan foydalanmoqda va Suriya hukumatiga qurol-yarog‘ bermoqda.

Prezident Assadga qarshi urushayotgan isyonkorlarga qurol yetkazish haqida gapirgan Ovro‘po Ittifoqining o‘zi esa hali mazkur masalada yakuniy qarorga kelolgani yo‘q.

O‘yin o‘zgardi

Britaniya hukumati isyonchilarga qurol-aslahadan yordam berish zaruriyatini aytadi.

Biroq turli diniy va jihodiy guruhlar aralashib ketgan bu isyonchi guruhlarga qurol-yarog‘ berish nafaqat Suriyani, balki butun mintaqani yanada qaqshatqich nizolar girdobiga tashlashi mumkin, degan xavotirlar katta.

Rossiya yetkazayotgan qurollar esa o‘ta zamonaviy va ularni ballistik raketalar urushida ham qo‘llash mumkin.

Ayni qurollar endilikda Isroilning har qanaqa hamlasiga risoladagidek javob berishini aytayotgan Suriya hukumatiga qo‘shimcha kuch-quvvat va ishonch baxsh etadi.

Shu o‘rinda, ushbu qurollar Suriyadagi nizoni bartaraf etish uchun Jenevada rejalangan Tinchlik anjumanining chippakka chiqarishi ehtimoli ham bor.

Negaki, kuchiga kuch qo‘shilgan Suriya hukumati endilikda muzokaralarga kirishib, murosaga borishni emas, balki isyonkorlarni batamom yakson etishni afzal ko‘rishi mumkin.

Prezident Assad hukumati vakillari ham allaqachon urushda "muhim burilish nuqtasiga yetganlari va buyog‘iga hamlaga o‘tishlari" haqida aytishmoqda.