Boston portlashlari gumondori Johar Tsarnayev "oyoqqa turgan"

Image caption Johar onasiga ahvoli o‘nglanayotgani, biroq ro‘y bergan hodisalarni anglashga qiynalayotganini aytgan

Boston portlashlarida gumon qilinayotgan Johar Tsarnayev oyoqqa turgan.

Bu haqda uning onasi Zubaydat Tsarnayeva Assoshieyted Press axborot agentligi bilan intervyusida ma‘lum qilgan.

Zubaydat Tsarnayevaga ko‘ra, telefon orqali suhbatda uning o‘g‘li o‘zi va portlashlardan so‘nggi politsiya qidiruv amaliyotlari payti o‘ldirilgan akasi gunohsiz ekanlarini aytgan.

Johar Tsarnayevning o‘zi yaralangan va hozir qamoqxona shifoxonasida saqlanmoqda.

O‘tgan oy Boston marafoni yakunida yuz bergan bomba portlashlarida kamida 3 kishi nobud bo‘lgan va 260dan ortiq inson yaralangan.

Tsarnayeva xonimning Assoshieyted Pressga aytishicha, bu o‘g‘li hibsga olinganidan beri u bilan qilgan ilk muloqotidir.

Johar onasiga ahvoli o‘nglanayotgani, biroq ro‘y bergan hodisalarni anglashga qiynalayotganini aytgan.

Image caption Zubaydat Tsarnayeva o‘g‘illarining gunohsizligini yana bir bor ta‘kidlagan

"U o‘zining hissiyotlarini ham jilovlagani yo‘q, go‘yo butun dunyoga: "Bu nima? Nimalar yuz bermoqda?" deya qichqirayotgandek", deb aytgan Zubaydat Tsarnayeva.

"U bizga nisbatan adolatsizlikni, gunohsiz Tamerlanimizning o‘ldirishganini aqliga sig‘dira olmayotganini his qildim", deydi Tsarnayeva xonim.

Tsarnayevlar oilasi 15 aprel kuni amalga oshirilgan bomba portlashlarida Johar va Tamerlanning aloqasi yo‘qligini yana bir bor ta‘kidlashgan.

Rossiyalik chechen musulmonlaridan bo‘lgan Tsarnayevlar matbuotga Dog‘istondagi xonadonlaridan turib gapirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, bu turar-joy 26 yoshli Tamerlanga tegishli bo‘lgan.

Gumondorning otasi Anzor Tsarnayevga ko‘ra, ular xonadonni Tamerlan va uning oilasi poytaxt Maxachxalaga ko‘chib keladi degan ehtimol bilan sotib olishgan.