Britaniyalik ayollar nima uchun Islomni tanlashmoqda?

Image caption Batul al-Toma dindor katolik oilada voyaga yetgan

Britaniyada e‘lon qilingan raqamlarga ko‘ra, 2010 yilda 2 mingga yaqin britaniyalik ayol Islom dinini qabul qilgan.

Ularning soni ko‘payib borayotgani va Islomga kirayotgan ayollar soni erkaklar sonidan ikki barobar ko‘pligi aytiladi.

Kembrij universiteti Islomni qabul qilgan 50 nafar britaniyalik ayollar orasida so‘rov o‘tkazgan.

Co‘rovda britaniyalik ayollardan nima uchun Islomni tanlashgani va bu tanlov ularning oilalari va yaqinlari bilan munosabatlariga qanday ta‘sir qilgani haqida so‘ralgan.

Kembrij universiteti Islomiy tadqiqotlar markazi rahbari, Professor Yasir Sulaymonning aytishicha, so‘rovda kelib chiqishi turlicha bo‘lgan va turfa ijtimoiy qatlamlarga mansub ayollar ishtirok etishgan.

"Ularning kelib chiqishlari turli-tuman. Yoshlari, ma‘lumotlari, turli jo‘g‘rofiyadan, e‘tiqodlari turlicha bo‘lgan. Ya‘ni bu keng qamrovli bir so‘rov edi. Unda qatnashgan ayollarning hikoyalari, tajribalari Islomga olib boruvchi yo‘l haqida atroflicha tasavvur beradi, deb o‘ylayman", - deydi britaniyalik olim.

"Muqaddas uchlik" inqirozi

Anita Nayyar bundan 13 yil muqaddam, 18 yoshida Islomni qabul qilgan.

Nasroniy oilada voyaga yetgan Anita yoshligida ruhoniy bo‘lishni orzu qilganini aytadi.

"Mening musulmon bo‘lishim tom ma‘noda Islomning teologik bahsda yutib chiqishi bo‘lgan. Men hamma vaqt juda ham dindor nasroniy bo‘lgan edim va Yaratgan hamda Iso Masihga qattiq e‘tiqod qilganman. Menda nasroniylikdagi muqaddas uchlik ta‘limoti juda ko‘p savollarni paydo qilgan. Men uni metaforadan boshqa narsa deb tushunishga qiynalganman. Ammo Islomni o‘rganishni boshlaganimdan so‘ng, o‘zimdagi juda ko‘p savollarga javob topdim. Islom "Uchlik e‘tiqodi"ni rad etadi va Iso Masihni payg‘ambar, deb ataydi. Va barcha Ibrohimiy payg‘ambarlar ro‘yxatining eng oxirida Muhammad Payg‘ambar keladi. Bularning hammasi mening nasroniy e‘tiqodimda mavjud bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirdi", deydi u.

Batul al-Toma irland katolik oilasida voyaga yetgan. Hozirda u Britaniya Musulmonlari loyihasi rahbari. Uning Islomga yo‘li ham "Muqaddas uchlik" ta‘limoti va Iso Masih shaxsiyati atrofidagi savollardan boshlangan.

"Men juda ham qat‘iy katolik oilasida voyaga yetganman. Aytishim kerakki, juda ham inoq va mehribon bir oilada. Butun oilamiz bilan birga har hafta cherkovga borardik. Men muqaddas uchlik e‘tiqodi va Iso Masih shaxsiyatiga qadalib qolgunimcha nasroniy diniga qattiq amal qilib keldim. Keyin esa izlanishlarni boshladim va bu izlanishlar meni Islomga olib keldi", - deydi hozirda Lesterdagi Islomiy jamg‘arma tadqiqotchisi.

"Yuzimizni yerga qaratding"

Ammo britaniyalik nasroniy ayollarning Islomga yo‘llari silliq kechmagan, ayniqsa, ularning ota-onalari va yaqinlari uchun.

Batul al-Tomaning aytishicha, Islomni yangi qabul qilgan farzand uchun o‘z qarorini ota-onasi yoki boshqa yaqinlariga qanday yo‘lda izhor qilishi juda muhim.

"Bir dindan ikkinchi bir dinga o‘tish juda katta jahd, energiya va intilish vositasida sodir bo‘ladi. Ko‘pincha, ayniqsa, yoshlikda, qiziqqonlikda sodir bo‘lsa, bu noto‘g‘ri tus ham olishi mumkin. Keyinroq ortga qarab, o‘sha payt ota-onangizning dilini og‘ritadigan bir shaklda izhor qilganingizdan afsus ham chekasiz. Men hozir mana shu jarayonda, ayniqsa yoshlarga ruhiy, ma‘naviy yordam berish yo‘lida ish olib borayapman. Islomni yangi qabul qilganlarga maslahat beraman, o‘z tajribam bilan o‘rtoqlashaman", - deydi Batul al-Toma.

Image caption Islomni qabul qilayotgan ayollar soni erkaklardan ikki barobar ko‘pligi aytiladi

Anita Nayyar Islomni qabul qilishidan ota-onasining hafsalalari pir bo‘lganini aytadi.

"Ota-onamning hafsalalari pir bo‘ldi. Ularning o‘zlari juda dindorlar odamlar edi. Otam hinduizm dinidan nasroniylikka o‘tgan. Ular mening ulg‘ayib, nasroniylik diniga xizmat qilishimni istashardi. Shuning uchun ham ularning hafsalalari pir bo‘lgan edi", - deydi u.

Professor Yasir Sulaymonning aytishicha, Islomni qabul qilayotgan britaniyaliklarga ularning yaqinlari tomonidan munosabatlar turlicha.

"Kimdir hafsalasi pir bo‘lib, xatto voz kechish darajasiga borsa, yana kimdir buni tushunish bilan qabul qiladi. Ammo bunga zo‘ravonlik bilan munosabat ko‘rsatadigan oilalar ham bor. Masalan, men Kembrijda o‘tkazilgan anjumanda Islomni qabul qilgan farzandlarini terrorchilarga sotilganlikda ayblagan oilalar haqida ham eshitdim. Ularni oilani sharmanda qilganlik, yaqinlari va do‘stlari oldida yuzlarini yerga qaratganlikda ayblashadi. Ammo ko‘pincha, aka-ukalar yoki singillar Islomni qabul qilgan farzandni tushunishni boshlaydilar va oilada yarashuv jarayoni boshlanadi. Ba‘zi oilalar farzandlarining yurish-turishi o‘zgarganini ko‘rib, Islom qadriyatlari haqida tushunchaga ega bo‘la boshlaydilar va pirovardida buni qabul qilishadi", - deydi Kembrij universiteti professori.

Masjidlar ayollar uchun ochiqmi?

Britaniyada ayollarning masjidda namoz qilishlari noodatiy emas, ammo muslimalarning aytishlaircha, hamma hamma masjidlar ham eshiklarini ayollarga lang ochavermaydi.

Britan jamiyatida voyaga yetgan ayol uchun esa bu muammo bo‘lishi mumkin.

Ammo Batul al-Tomaning aytishicha, hozirda britaniyalik musulmonlar jamoasi bu masalaga katta e‘tibor qratamoqda.

"Men katolik oilasida voyaga yetganman va irland katolik oilasi juda ham an‘anador bo‘ladi. 1970-80 yillarda katolik cherkovlarida erkaklar va ayollar alohida-alohida o‘tirishardi. Bolaligimda men otam va onam bilan cherkovga borar va ular cherkovning ikki tarafida o‘tirishardi. Va buni hamma qabul qilardi. Britaniyada ayollar namoz qila oladigan masjidlar juda ko‘p, faqat ayollar uchun yaratilgan sharoitlarni risoladagidek, deb bo‘lmaydi. Hozirda masjidlar va Britaniyadagi musulmonlar jamoasi bu muammolarni hal qilish uchun astoydil harakat qilishayapti. Islomni qabul qilgan britaniyalik sifatida bizning vaziyatimiz boshqa musulmon ayollarning vaziyatlaridan farqliroq. Shuning uchun ham biz ularning nomlaridan ko‘proq ayollar masalasini ko‘tarishimiz mumkin va musulmonlar jamoasining ovoziga ovoz qo‘sha olamiz, deb o‘ylayman", - deydi britaniyalik muslima.

Ammo notenglik faqat musulmonlar jamoasidagi muammo emas.

Anita Nayyar musulmonlar jamoasi tashqarisida ham muammolar oshib-toshib yotganiga e‘tibor qaratadi.

"Musulmonlar jamoasidan tashqarisida bugun ham juda ko‘p notengliklarni ko‘ramiz. Misol uchun ayollarga qarshi zo‘ravonlik hollari. Britaniyada yiliga 100 ming ayol jinsiy zo‘rlanadi. Har ikki kunda bir ayol maishiy zo‘ravonlikdan o‘ladi. Men hali musulmon bo‘lishimdan avval ham bu muammolar meni bezovta qilardi. Albatta, siz masjidga namoz qilish uchun, diniy burchingizni ado etish uchun borsangizu, masjid eshiklarini yuzingizga yopishsa,alam qiladi. Ammo hozirda biz, musulmonlar buni o‘zgartirishga harakat qilayapmiz. Ayollarning masjidga bormasligi Islomdagi bir tushuncha emas, balki ma‘lum davrda, ma‘lum madaniyatdan kelib qo‘shilgan bir narsadir", - deydi Anita Nayyar.

Kembrij universiteti olib borgan tadqiqot natijalaridan ma‘lum bo‘lishicha, ko‘pchilik Islomni qabul qilgan britaniyaliklar o‘z e‘tiqodlarini sir saqlashadi va o‘zlarining ruhoniy tajribalarini oila-a‘zolari va yaqinlari bilan baham ko‘rishdan qo‘rqadilar.

Tadqiqot mualliflari Islomni qabul qilayotgan britaniyaliklarga ko‘proq ruhiy-ma‘naviy dastak berishga chaqirganlar.