AQSh: Markaziy Osiyo davlatlari terror tahdidi kuchayishidan xavotirda

"O‘z hududlarida yirik terrorchilik xurujlari kuzatilmagan esa-da, Markaziy Osiyoning besh davlati hukumatlari 2014 yil Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar chiqib ketganidan so‘ng tahdid kuchayishi ehtimoli xavotirga tushgan", deyiladi AQSh Davlat departamentining yangi hisobotida.

Davlat departamenti yangi hisobotida terrorchilik tahdidiga oid 2012 yilgi vaziyatga nazar tashlanadi.

Hisobotda aytilishicha, ayrim Markaziy Osiyo davlatlari terror tahdidini oldini olish yo‘lidagi muayyan choralarga qo‘l urishgan.

Ayrim holatlarda esa, terrorizm va siyosiy muxolifatni yo-da, noan‘anaviy diniy amallarni farqlashdagi muvaffaqiyatsizlik mazkur sa‘y-harakatlar samarasini kamaytirishga xizmat qilgani ham tilga olinadi.

O‘zbekiston haqida gapirilarkan, hukumat terror tahdidini giyohvand moddalar va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurash bilan bir qatordagi xavfsizlik bilan bog‘liq 3 masaladan biri sifatida qayd etgani aytiladi.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati va AQShning aksilterror maqsadlari o‘xshashligi, biroq terrorchilikka qarshi sa‘y-harakatlarda fuqarolar haq-huquqlari va qonun ustivorligini hurmat qilmaslik usulini tanlagani ham qo‘shimcha qilingan.

Afg‘onistonga chegaradosh O‘zbekiston hukumati 2014 yil AQSh qo‘shinlari olib chiqib ketilishi bilan terror tahdidi kuchayishi ehtimolidan tashvishga tushgan.

Ammo, o‘zbek hukumati o‘zining Afg‘oniston bilan chegarasini nazorat qila olishiga ishonchi komilligi, ammo qo‘shni davlatlar bu ishga naqadar qodirligini savol ostiga olishi ham tilga olinadi.

O‘zbekiston, ayniqsa, Tojikiston bilan chegarasi orqali ekstremistlar sizib o‘tishlari ehtimolidan bilan bog‘liqdir.

Hisobotda Tojikiston haqida gapirilarkan, 2012 yil hukumat terrorga qarshi strategiyasidagi zaif nuqtalarni mustahkamlashga diqqat qaratgani va aksilterror amaliyotlari olib borishga qodir ekanini namoyish qilganini aytilgan.

Biroq, ba‘zi hollarda Tojikiston aksilterror siyosati ekstremist bo‘lmagan Islomiy guruhlarni ham nishonga olgani ham tilga olingan.

Hisobotda Qozog‘istondagi vaziyat ham tahlil qilingan. Unda aytilishicha, qozoq rasmiylari ham zo‘ravon ekstremizmdan xavotirda bo‘lishgan.

Qator kichik ko‘lamli portlashlar, qurolli hujumlar va zo‘ravon aqidaparastlar deb gumon qilingan shaxslar hukumatni yuqori darajada hushyor holatda ushlagan.

Biroq, terrorchi guruhlar Qozog‘istonda katta ko‘lamli hujum amalga oshira olganlari yo‘q.

Tanqidchilar radikalizmga qarshi ko‘pda o‘ta qattiqqo‘l choralar ko‘rilishi teskari natija berishi mumkinligidan ogohlantirishadi.

AQSh Davlat departamenti chiqargan hisobotda aytilishicha, 2012 yil Qozog‘iston hukumati ham siyosiy muxolifat va matbuotga qarshi cheklovlarini zo‘ravon ekstremizm xavfi bilan bilan oqlashga uringan.