Xitoy: Halokatli yong‘in qurbonlari soni o‘smoqda

Image caption Tan jarohati olganlar shifoxonalarga jo‘natilgan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, mamlakatdagi parrandachilik fabrikalaridan biriga o‘t ketishi oqibatida nobud bo‘lganlar soni kamida 119 nafarga yetgan. Yana o‘nlab insonlar jabr ko‘rishgan.

"Sinxua" axborot agentligi xabar qilishicha, yong‘in dushanba kuni ertalab Tszilin viloyatidagi fabrikada kelib chiqqan.

Hozir yong‘inning aksar qismi o‘chirilgan va jasadlar qidirilayotgani aytiladi.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, o‘t elektr tarmog‘ida yuz bergan uchta portlash ortidan kelib chiqqan.

Bu 2000 yildan beri kuzatilayotgan eng halokatli yong‘indir. Henan viloyatida yuz bergan fojeada 309 inson nobud bo‘lgandi.

"Sinxua"ning xabar berishicha, bugungi yong‘indan parrandachilik fabrikasining 100ga yaqin ishchisi omon qolgan. Qo‘shimcha qilinishicha, binoning ichki tuzilishi murakkab va chiqish yo‘laklari tor bo‘lgani qutqaruv ishlariga xalaqit bermoqda.

Agentlikka ko‘ra, yong‘in boshlangan payt fabrika darvozasi qulf bo‘lgan.

"Ichkarida qancha sondagi ishchilar qamalib qolgani hali tasdiqlangani yo‘q", deya qo‘shimcha qiladi "Sinxua" axborot agentligi.

O‘nlab jarohat olgan insonlar shifoxonalarga jo‘natilgan, biroq ularning ahvoli qanchalar jiddiy ekani ham qorong‘u qolmoqda.

Xitoy axborot agentliklari web-sahifalari yirik sement binolardan qalin tutun ko‘kka o‘rlayotgani va o‘t o‘chiruvchilar hamon voqea joyida ekanlari aks etgan fotosuratlarni chop etishgan.