Eron prezidenti tikuchari favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan

Erondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Eron Prezidenti Mahmud Ahmadinejod va hukumat hay‘ati o‘tirgan tikuchar tog‘li hududda favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Eron prezidenti va uning hamrohlari mamlakat shimoli-sharqidagi Mozandaron viloyatida barpo etilgan yangi tunnelning ochilishi marosimiga yo‘l olganlar.

Bu tunnelning Erondagi eng uzun tog‘ yo‘li ekani aytilmoqda.

president.ir web-sayti xabar qilishicha, "doktor Ahmadinejod va bir necha rasmiylarni olib uchayotgan tikuchar buzilib qoldi, biroq uchuvchi tikucharni xavfsiz qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi".

"Allohning ko‘magi bilan prezident va unga hamrohlik qilayotgan rasmiylar jarohatlanganlari yo‘q. Tikuchar qo‘nganidan keyin prezident loyihaning ochilish marosimida ishtirok etdi va Tehronga avtomobilda qaytdi", deb xabar qilgan Eron prezidentining rasmiy internet sahifasi.

Eron matbuoti xabar qilishicha, favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan tikuchar o‘sha joyda qolgan, rasmiylar tikucharning o‘sha yerda ta‘mirlanishini aytganlar.

Ushbu hodisaning boshqa tafsiloti ochiqlanayotgani yo‘q.

Prezident Mahmud Ahmadinejodning prezidentlik muddati nihoyasiga yaqinlashmoqda.

U Eron Islomiy respublikasining prezidenti etib ikki marta saylandi.

Eronda prezidentlik saylovi 14 iyunga mo‘ljallangan.

Sakkiz siyosatchi prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan.

Janob Ahmadinejodning prezidentlik muddati 3 avgust kuni tugaydi.